Jahon | 23:58 / 30.11.2018
8201
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan uchrashuvni bekor qilishi sababi haqidagi savolga javob berishni istamadi

Foto: RIA Novosti / Mixail Klimentev

Hozirda “Katta yigirmatalik” sammitida ishtirok etayotgan AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvni bekor qilishiga nima sabab bo‘lgani haqida rossiyalik jurnalistlar bergan savolga javob berishni istamadi.

Jurnalistlar Trampga bu savolni Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan muzokaralarga ketayotganda berishgan. Biroq u savolni javobsiz qoldirgan. Bu vaqtda Tramp va Abe o‘rtasida muzokaralar boradigan xona yaqinida Putin Fransiya prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazayotgan bo‘lgan.

Dastlab Putin va Tramp alohida uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgandi, biroq Tramp uchrashuvni bekor qildi. Tramp buni Rossiya Ukrainaga Kerch bo‘g‘ozida ushlangan kemalar va dengizchilarni qaytarmagani bilan tushuntirgan. AQSh prezidentining fikricha, ikki tomonlama uchrashuvni bu vaziyat hal qilingandan keyin o‘tkazgan ma'qulroq bo‘ladi.

Oq uy matbuot kotibi Sara Sandersning ma'lum qilishicha, Tramp uchrashuvni bekor qilish haqidagi yakuniy qarorni AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo, Oq uy apparati rahbari Jon Kelli va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton bilan uchrashuvdan keyin qabul qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid