Jahon | 17:58 / 02.12.2018
11125
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyadagi harbiy bazalar rossiyalik agentlar kirishi mumkinligi haqida ogohlantirildi

Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi Rossiyaning Birinchi kanali jurnalisti 77-brigada qarorgohi yaqinida payqalganidan so‘ng mamlakatdagi barcha harbiy bazalarga ogohlantiruv jo‘natdi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Gazetaning yozishicha, 21 noyabr kuni Birinchi kanal jurnalisti Timur Siraziyev va operator Dmitriy Volkov harbiy baza kuzatuv kameralari yozuviga tushib qolgan. Volkov mashinaning yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan holda suratga olish bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Mudofaa vaziri Gevin Uilyamsonga voqea bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlanganligi ma'lum qilingan. 

Harbiy bazalarga jo‘natilgan ogohlantiruv xatida Siraziyevning press-kartasi va u boshqargan Toyota Avensis avtomobili surati aks etgan. Ogohlantiruv xatida jurnalist baza hududiga kirishga uringanligi ta'kidlangan.

Bukingem universitetidagi xavfsizlik va razvedka tadqiqotlari markazi direktori, professor Entoni Glisning aytishicha, u jurnalistlar guruhi josuslik faoliyati bilan shug‘ullanayotganiga shubha qilmaydi.

Ogohlantiruvdan bir kun avval Birinchi kanalda Siraziyevning 77-brigada haqidagi lavhasi efirga uzatilgan. Lavhada brigada «trollar fabrikasi» deb atalgan va soxta xabarlar tarqatishda ayblangan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid