O‘zbekiston | 16:15 / 02.12.2018
5229
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Koreyaning Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi bilan hamkorlik qiladi

Joriy yilning 29-30 noyabr kunlari adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi  vazirlik va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi vakillaridan iborat qo‘shma delegatsiya vakillari Koreya  Respublikasida yuqori darajali qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Uchrashuvlardan maqsad jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ijtimoiy sohani yanada isloh qilish, chora-tadbirlar samaradorligini oshirish uchun  xorij, xususan, Koreya tajribasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. 

Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiya rahbariyati bilan bo‘lgan uchrashuvda davlat organlarida korruptsion holatni baholashning dolzarb jihatlari, uning alohida davlat tuzilmasi faoliyatiga va umuman mamlakat kelajagiga ta'siri muhokama qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, profilaktik chora-tadbirlar va targ‘ibot qilish, qonunchilik bazasini mustahkamlash, jamiyatda korrupsiyaga  nisbatan murosasiz munosabatni, huquqiy madaniyatni shakllantirishning muhimligi qayd etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Pak In Chjon xonim ushbu yo‘nalishda O‘zbekistonning davlat organlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. 

Uning fikricha, korrupsiyani bir tomonlama tartibda yengib bo‘lmaydi, shuning uchun bu sohada xalqaro hamkorlik va birgalikdagi harakatlarni kengaytirish muhim.

Tashrif doirasida delegatsiya a'zolari Komissiya faoliyati bilan, ya'ni fuqarolar arizalarini qabul qilish jarayonini amalda kuzatib, Komissiya ishining texnologik imkoniyatlari va usullari bilan yaqindan tanishdilar. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid