O‘zbekiston | 17:55 / 04.12.2018
3646
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston madaniy merosi xalqaro media-forumi: ishtirokchilar, g‘oliblar, VIP-tur va Spark

Bugun Toshkentda 10-11 dekabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasiga bag‘ishlangan xalqaro media-forum oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Fanlar Akademiyasi akademigi Edvard Rtveladze hamda loyiha rahbari Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib, jurnalistlarga forum haqida ma'lumot berishdi va ularni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

“10-11 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro media-forumda 2018 yil yakunlari sarhisob qilinadi va 2019 yil uchun “yo‘l xaritasi” tuziladi. Ta'kidlash joizki, bularning bari madaniy meros masalasiga katta e'tibor qaratuvchi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi ostida amalga oshirilmoqda. 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan xalqaro forum 350 ishtirokchini qamrab oladi, ular orasida xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy va milliy ekspertlar, muzey, kutubxonalar va ilmiy institutlar rahbarlari va umuman O‘zbekiston madaniy merosiga befarq bo‘lmagan barcha insonlarni ko‘rish mumkin. Germaniya, Chexiya, Yaponiya va Rossiyadan ko‘plab olimlar taklif etilgan”, - deydi Aziz Abduhakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro forum doirasida Temuriylar tarixi davlat muzeyiga “O‘zbekistonning me'moriy epigrafikasi” seriyasi 30 kitobi va temuriylar buyuk merosi nodir qo‘lyozmalari faksimil nashrlari topshiriladi. Shuningdek O‘zbekistondagi ilk to‘ldirilgan reallik effektiga ega kitob taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari, bugungi anjuman doirasida Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va tahlili o‘rin olgan “Turizmning oq kitobi 2018” taqdim etildi.

Foto: Sherzod Ikramutdinov

Maqsad

Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad – O‘zbekiston madaniy-tarixiy merosi, mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini oshirish orqali ommaviy axborot vositalari ijodkorlari hamda ijodkorlarni rag‘batlantirish.

Ishtirokchilar

Festivalda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, media sohasi rahbarlari, blogerlar, kinematograflar, prodyuserlar hamda ijodiy guruhlar ishtirok etadi. Mehmon sifatida taniqli mahalliy va xorijiy olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, madaniyat va san'at namoyandalari, sayyohlik kompaniyalari vakillari va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.

Nominatsiyalar

Forum doirasida o‘tkaziladigan eng yaxshi media-mahsulotni aniqlashga qaratilgan tanlov uch nominatsiya bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • Madaniy-tarixiy O‘zbekiston;
  • O‘zbekiston – turistik maskani;
  • Gastronomik O‘zbekiston.

G‘oliblar qanday aniqlanadi?

Eng yaxshi asarlarni aniqlash uchun festivalning Ekspert guruhi tashkil etildi. Tanlov natijalariga ko‘ra, ekspert guruhi tomonidan har uch nominatsiya bo‘yicha uchtadan, jami to‘qqiz videorolik tanlab olinadi.

10 dekabr kuni festival ishtirokchilari hamda mehmonlari ishtirokida hakamlar hay'ati tomonidan onlayn ovoz berish orqali g‘oliblar aniqlanadi.

Festivalga, shuningdek, xorijiy ishtirokchilarning roliklari ham qo‘yiladi. Ekspert guruhi tomonidan eng yaxshi deb topilgan uch rolik onlayn ovoz berish orqali aniqlanadi.

Taqdirlash

Tanlovning har uch nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan 3 nafar final ishtirokchisi festival Gran-prisi - bosh sovrin – Spark avtomobili uchun nomzod etib belgilanadi. Hakamlar tomonidan jonli ovoz berish orqali g‘olib deb topilgan ishtirokchiga bosh sovrin beriladi.

Tanlovda g‘olib bo‘lgan xorijlik ishtirokchi uchun asosiy sovrin – VIP-tur - O‘zbekistonning eng o‘rganilmagan, sirli va muqaddas maskanlariga tashrif buyurish imkoniyati yaratiladi. VIP-tur tashkilotchisi – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.

Eng yaxshi roliklar mualliflari X Ijtimoiy media-mahsulotlar milliy festivalining qimmatbaho sovg‘alari va esdalik diplomlari bilan taqdirlanishadi.

Tanlovga faqatgina mualliflik hisoblangan, davomiyligi 2 daqiqagacha bo‘lgan, o‘zbek va rus tillaridagi roliklar qabul qilinadi.

Qanday yangiliklar kutilmoqda?

Tadbirda taniqlik olimlarning ishtiroki kutilmoqda, ular o‘z kashfiyotlari va topilmalari haqida so‘zlab berishadi. Dunyoga mashhur olim peterburglik Efim Rezvan O‘zbekistonga tegishli dunyoning 114 Qur'on kitobi haqida qiziqarli ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashadi. Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr kitob nashriyotida kengaytirilgan voqelikni qanday qo‘llash mumkinligi haqida so‘zlab beradi.

Shuningdek o‘zbek olimlarining o‘tmishda kichik nashrlarda chop etilgan, natijada keng doiradagi kitobxonlarning foydalanishiga imkon bo‘lmagan qimmatli ilmiy asarlarini qayta nashr etish loyihasi taqdim etiladi. Ushbu turkumning birinchi kitobi – E. V. Rtveladzening “Buyuk Hind yo‘li”. Bundan tashqari, “O‘zbekistonning 100 mashhur qo‘lyozma yodgorligi” loyihasining taqdimoti – Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” faksimilesi taqdimoti kutilmoqda.

Forum doirasida “Rossiya – Kultura” telekanalining O‘zEOAVMA bilan birgalikdagi “O‘zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” to‘rt seriyali hujjatli filmi, shuningdek Germaniya kinokompaniyasi tomonidan “O‘zbekistonning buyuk faylasuflari” filmini suratga olish bo‘yicha loyihaning revyusi o‘tkaziladi.

Ikki kunlik faol muloqotlar va taqdimotlar, kashfiyotlar va taqdirlash marosimlari O‘zbekiston uchun tarixiy voqea bo‘ladi.

Tadbir doirasida "Zamonaviy dunyodagi madaniy meros: saqlash va ommalashtirish" mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasining doimiy ko‘rgazmasini ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Forumning madaniy dasturini O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish va turistik salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan “X Ijtimoiy media-mahsulotlari milliy festivali” davom ettiradi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida joriy yilda nashrga tayyorlangan 10 ta albom taqdimoti rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, interaktiv hududda O‘zbekistonda birinchi marta ilmiy-madaniy sohada 3D texnologiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tadi.

Forum natijalari bo‘yicha O‘zbekistonning madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati faoliyatining 2019 yil uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.

Tashkilotchilar

Festival O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi hamda YuNeSKO tomonidan tashkil etilmoqda.

Tanlovda qatnashish istagini bildirganlar o‘z ishlarini [email protected] pochta manziliga bog‘lanish shaklida yoki ixcham shaklda  yuborishlari so‘raladi.

Ma'lumot uchun telefonlar: +998935716334 (o‘zb);  +99894 6239787 (rus)

Ijodiy ishlar shu yilning 7 dekabriga qadar qabul qilinadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid