O‘zbekiston | 08:21 / 05.12.2018
9087
2 daqiqa o‘qiladi

Tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Foto: Pinterest

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika ta'minotini yaxshilash va uning zamonaviy ilmiy laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tadbirlarni moliyalashtirishning aniq miqdor va manbalarini belgilagan holda ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda viloyatda innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda hosildorligi yuqori bo‘lgan intensiv tutzorlar barpo qilish, sifatli ipak qurti urug‘i yetishtirish, zamonaviy ipak qurtini boqish inshootlarini qurish asosida pilla yetishtirish va uni qayta ishlashning namunaviy tizimini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda tut daraxtlarini g‘ayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish natijasida zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid