Jahon | 20:57 / 07.12.2018
5189
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi korrupsiya sababli har yili 900 mlrd yevro yo‘qotayotgani ma'lum qilindi  

Foto: iz.ru

Yevropa Ittifoqi korrupsiya sababli har yili 904 mlrd yevro yo‘qotmoqda, bu esa uning umumiy yalpi ichki mahsulotining 5 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Bu haqda Yevropaning “yashillar” partiyasi dokladida aytilgan. 

Ruminiya korrupsiyadan yo‘qotishlar bo‘yicha rekordchi deb atalgan. Ushbu davlat har yili korrupsiya sababli 38,6 mlrd yevro, ya'ni YaIMning 15 foizgachasini yo‘qotadi. Miqdor hisobida Italiyada korrupsiya sababli eng ko‘p – 236,8 mlrd yevro yo‘qotiladi. Yevropa Ittifoqining yetakchi iqtisodiyoti – Germaniya korrupsiya sababli 104 mlrd yevro, Fransiya esa 120,2 mlrd yevro yo‘qotar ekan. “Yashillar”ning fikricha, korrupsiya darajasi eng past davlat Niderlandiya bo‘lib, bu davlatda korrupsiyadan yo‘qotishlar YaIMning 0,8 foizi yoki 4,4 mlrd yevroni tashkil qiladi.

Doklad mualliflari korrupsiyaga qarshi kurashish uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari bo‘yicha korrupsiya reytingini tuzishni taklif qilishmoqda. Mamlakat ushbu reytingda qancha yuqori o‘rinda tursa, Yevrokomissiya amaldorlari uning iqtisodiyotiga Yevropa Ittifoqi byudjyetidan ajratiladigan mablag‘larni shunchalik qattiq nazoratga olishlari kerak bo‘ladi.  Shuningdek, Yevrokomissiyaga Yevropa Ittifoqi davlatlarida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralar ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatini berish taklif qilingan. Shuningdek, huquq-tartibot idoralariga korrupsiyaviy sxemalar haqida ma'lumot bergan guvohlar va informatorlarni himoya qilish bo‘yicha dasturni yaratish taklif qilinmoqda.

Ta'kidlanishicha, Yevrokomissiyaning rasmiy dokladlarida korrupsiyadan yo‘qotishlar har yili bir xil miqdorda – 120 mlrd dollar qilib ko‘rsatiladi. Yevrokomissiyada ta'kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari xarajatlarining 20 foizgachasi amaldorlar cho‘ntagiga “tushadi”.

Mavzuga oid