Abdulaziz Komilov va Zalmay Halilzod Afg‘oniston masalasini muhokama qildi
2018 yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
TIV xabariga ko‘ra, suhbatda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktor Liza Kyortis ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston – Amerika kun tartibining keng qamrovli masalalari hamda mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQShga qilgan tashrifi va prezident Donald Tramp bilan muzokaralari natijasida yangicha sur'at olgan ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanayotgani mamnuniyat bilan e'tirof etildi.
Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishning istiqbollari muhokamasi chog‘ida muammoni harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmasligi yana bir bor tasdiqlandi. Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi va uning yakunida qabul qilingan Afg‘onistondagi tinchlik jarayonining asosiy tamoyillari borasidagi Deklaratsiyaning muhim ahamiyati qayd etildi.
Hech bir afg‘on ushbu siyosiy jarayonidan chetda qolib ketmasligi kerak. Dunyo hamjamiyati butun afg‘on jamiyatining mamlakatdagi tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi umummilliy manfaatlar atrofida jipslashishiga ko‘maklashishi kerak, deyiladi xabarda.
Prezident Muhammad Ashraf G‘anining yaqinda Jyenevada ilgari surgan «Afg‘oniston uchun tinchlik dasturi» qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda Afg‘onistonda yirik infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy obektlarni bunyod etishning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Oq uy va Davlat departamenti vakillarini qabul qilishi xabar berilgandi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024