O‘zbekiston | 21:00 / 11.12.2018
18786
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar e'tirozi va tanqidiga uchragan qonun loyihasi yangi nom bilan qayta ko‘rib chiqildi 

Kecha, 10 dekabr kuni hukumat tomonidan kiritilgan “2019 yilga byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi va 2020-2021 yillarga prognoz mo‘ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlarning e'tirozi va jiddiy tanqidiga sabab bo‘lgani va loyiha muhokamasi kechiktirilgani xabar qilingandi. Parlament quyi palatasining bugun, 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ushbu qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqildi.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, qonun loyihasining nomi “Soliq va byudjyet siyosatining 2019 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” deb o‘zgartirilgan.

“Qonun loyihasida Soliq kodeksining 22-moddasida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lagandan keyin xususiy korxona mulkdori, oilaviy korxona ishtirokchisi hamda fermer xo‘jaligi ixtiyorida qoladigan daromadlaridan olinadigan dividendlardan soliq ushlashni bekor qilish taklif etilgan edi. Deputatlarning talabi bilan amaldagi tartib saqlab qolindi. Ya'ni ko‘rsatib o‘tilgan sub'yektlarning dividendiga soliq solishni nazarda tutuvchi norma olib tashlandi”, deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish tartibi ham soddalashtirilgan. Endilikda pasportlashtirish jarayoni har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o‘tkazilishi belgilandi. Shuningdek, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish natijasida tuzilgan dalolatnoma soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashga asos bo‘lishiga doir norma, shuningdek, bu jarayonga huquqni muhofaza qilish idoralarini jalb etishga oid norma chiqarib tashlandi. Pasportlashtirish jarayoni tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvlarni nazarda tutmaydi.

“Mavzuli ekspress o‘rganishlar”, “Xronometraj ko‘zdan kechirish”, taftish o‘tkazish, tekshirish singari soliq nazoratining shakllari qaytadan ko‘rib chiqilib, yanada takomillashtirilgan. Ammo xabarda bu takomillashtirish nimalardan iborat ekanligi haqida batafsil ma'lumot berilmagan.

Ma'lum qilinishicha, qonun loyihasida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini hududlar byudjyetlari hisobidan moliyalashtirish taklif etilgan. Lekin O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini amaldagi respublika byudjyetlaridan moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan. Bunga “ommaviy axborot vositalarining “to‘rtinchi hokimiyat” o‘laroq, iqtisodiy mustaqilligini ta'minlash, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarga bog‘lanib qolmasligi hamda yuz berayotgan jarayonlarga xolisona munosabat bildirishi zarurati” sabab qilib ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid