Jahon | 01:50 / 11.12.2018
19417
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng uzun prolyotga ega arkali temir yo‘l ko‘prigi qurildi

Xitoylik muhandislar 10 dekabrda dunyodagi eng uzun prolyotli arkali temir yo‘l ko‘prigining oxirgi ikkita ustunini o‘rnatib, uning qurilishini yakunlashdi. Bu haqda China Railways xabarida ma'lum qilingan

Foto: Xinhua

Yunnan viloyatida joylashgan ko‘prikning uzunligi 1024 metrni, eni 25 metrni tashkil qiladi. Ko‘prik konstruksiyasining o‘ziga xosligi shundaki, u 4 izli temir yo‘l stansiyasi sifatida loyihalangan.

Relefning murakkabligi sababli temir yo‘l stansiyasini faqatgina ko‘prikda qurishning iloji bo‘lgan. Aynan shu sababli ko‘prikning eni va barqarorligiga talab standart temir yo‘l ko‘priklarinikiga qaraganda kuchliroq bo‘lgan. 

Foto: Xinhua

Ta'kidlanishicha, tarixda bunday obekt qurilishiga misol bo‘lmagan. Nutszyan daryosi ustidan 239 metr balandlikda o‘tuvchi ulkan metall aviadukni qurish uchun 46 ming tonna po‘lat ishlatilgan. Buncha miqdordagi po‘lat 6 ta Eyfel minorasini qurishga yetgan bo‘lardi. Ko‘prikning asosiy prolyoti (ikki ustun o‘rtasidagi oraliq qism) uchun yaxlit, 490 metrlik panjarasimon po‘lat arka qo‘llangan. Bu konstruksiyani yig‘ish uchun quruvchilarga 800 mingta bolt va og‘irligi 20 tonnadan 100 tonnagacha keladigan 922 ta po‘lat tirgagich kerak bo‘lgan.

Foto: Xinhua

Ushbu ko‘prik 220 kmlik Dali-Juyli temir yo‘lining muhim loyihasi hisoblanadi. Ushbu temir yo‘l o‘z navbatida Xitoy-Myanma xalqaro temir yo‘lining bosh uchastkasi hisoblanadi. 

Mavzuga oid