Sport | 12:00 / 11.12.2018
18904
8 daqiqa o‘qiladi

Klopp yoki Anchelotti: kim chiqib ketadi?

Seshanba oqshomida Chempionlar ligasida 4ta guruhda oxirgi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ikkita guruhda pley-off uchun kurash qizg‘in kechadi.

A guruhi: «Monako» muxlislar uchun o‘ynaydi

«Monako» ikki hafta oldinoq yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun imkoniyat yo‘qotib bo‘lgandi. Terri Anri jamoasi uchun oxirgi tur o‘yini o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida bo‘ladi. Monegaskliklar hali ham motivatsiyani yo‘qotmagan «Borussiya» Dortmundni qabul qiladi, bu guruhda dortmundliklar «Atletiko»dan ikki ochko kam jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinda joylashgan va oxirgi tur natijalariga ko‘ra madridliklarni quvib o‘tishdan umid uzmagan.

Dortmundliklar ayni vaqtda a'lo kayfiyatda -- shanba kuni jamoa Rur derbisida «Shalke»ni mag‘lub etdi va bundesligadagi birinchi o‘rinni yanada mustahkamladi. «Borussiya» endi ikkinchi o‘rindagi boshqa «Borussiya»dan 7 ochko oldinda, «Bavariya» 9 ochkoga ortda qoldirilgan. Ko‘p ehtimol bilan bu mavsumda Germaniyada chempion o‘zgaradi. «Monako»ning ishlari esa aksincha: «Amen» ustidan qozonilgan g‘alaba ham monegaskliklarni 19-o‘rindan yuqoriga olib chiqa olmadi. Uikendda «Nitstsa» bilan kechishi kerak bo‘lgan uchrashuv esa mamlakatni qamrab olgan namoyishlar tufayli qoldirildi.

B guruhi: «Tottenhem» yoki «Inter»

Bir yil muqaddam «Tottenhem» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino «Arsenal» yoki «Barselona»ni boshqargandan ko‘ra, fermada ishlashni ma'qul ko‘rishi haqida aytgandi. «Espanol»ning sobiq murabbiyi sobiq ish joyida prinsipial raqib bo‘lgan jamoani haligacha yomon ko‘radi. «Barselona»ga qarshi o‘yin ushbu argentinalik mutaxassis uchun alohida ahamiyatga ega.

«Shporlar» «Kamp Nou»da g‘alaba qozonishi shart. «Barselona» muddatidan avval birinchi o‘rin masalasini hal qilib bo‘lgan.

Guruhdagi parallel uchrashuvda «Inter» natija kerak bo‘lmagan «PSV»ni qabul qiladi, shu tufayli «Tottenhem» pley-offga chiqish uchun Kataloniyada kamida milanliklar qanday hisobda g‘alaba qozonsa, shunday hisobda g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi.

«Biz g‘alaba uchun o‘ynashga 200 foizga tayyormiz. Raqib guruhda birinchi o‘rinni egallab bo‘lgan, ammo Chempionlar ligasida hech kim senga sovg‘a tortiq qilmaydi», degan londonliklar bosh murabbiyi o‘yindan oldin.

Kataloniyadagi  nashri Ernesto Valverde bu o‘yinda yetakchilarga dam berish, Messi va Suares maydonga tushmasligi haqida yozdi. Nashrning yozishicha, «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda 18 yoshli himoyachi Miranda, 20 yoshli havbek Alenya hamda 18 yoshli yarimhimoyachi Oriol Busketsga imkon beriladi.

C guruhi: Premer-liga yetakchisi turnirni tark etish yoqasida

O‘tgan hafta yakunlariga ko‘ra, Angliyada yetakchi o‘zgardi. Londonda «Chelsi»ga mag‘lub bo‘lgan «Manchester Siti» o‘z o‘rnini doimiy ta'qibchisi «Liverpul»ga bo‘shatib berdi. Ammo Chempionlar ligasida Yurgen Klopp shogirdlari qiyin ahvolda qolishgan: beshinchi turda «PSJ»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin qizillar uchinchi o‘ringa tushib ketgan va oxirgi turda guruh yetakchisi «Napoli»ni mag‘lub etishi shart.

Vaziyat shundayki, «Liverpul» keyingi bosqichga chiqishi uchun 1:0 hisobida yoki 2 va undan ko‘p gol farqi bilan g‘alaba qozonishi shart. Durang yoki 2:1, 3:2 ko‘rinishidagi g‘alabalar mezbonlarga yetarli bo‘lmaydi, chunki bu holda safarda gol ura olgani uchun o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik «Napoli» tarafiga o‘tadi. Qizig‘i, «Liverpul» g‘alaba qozonib, guruhda 1-o‘rinni olishi ham yoki mag‘lubiyatga uchrab, eng oxirgi o‘ringa tushib qolishi ham mumkin.

«PSJ» ham pley-off masalasini hali hal qilmagan, ammo jamoa bu turda guruh autsayderi mehmoni bo‘ladi. Fransiyadagi oxirgi turda dam olgan parijliklarni Belgradda mag‘lub etish qiyin bo‘ladi. Tomonlarning birinchi davrada Parijda kechgan uchrashuvida 6:1 hisobi qayd etilgandi.

Shuning uchun bugun Klopp yoki Anchelotti jamoasi taqdiri hal bo‘ladigan kun. Bu qarama-qarshilikdan o‘ta olmagan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropa Ligasi favoritiga aylanadi.

Liverpuldagi o‘yin oldidan shaharda Kloppning graffiti paydo bo‘ldi. Bu muxlislarning minnatdorchilik ramzi.

Ammo Klopp o‘z nomini abadiylashtirish uchun ham Angliyada, ham YeChLda g‘alaba qozona olishi kerak bo‘ladi. «Liverpul»da pley-offga chiqish uchun imkoniyatlar yo‘q emas, jamoa yetakchisi Muhammad Saloh yuqori formasini tiklagan, u oxirgi turda «Bornmut» darvozasiga 3ta gol urdi.

Statistika ham «Liverpul» tomonida. 2004 yil oxirida ham inglizlar xuddi hozirgidek holatda qolgandi. O‘shanda jamoa oxirgi tur arafasida YeChL guruhida uchinchi o‘rinda bo‘laturib, uy uchrashuvida «Olimpiakos»ni yengishi kerak edi. O‘yinning 80-daqiqasigacha durang hisob saqlanib qolgan, ammo oxirgi o‘n daqiqalikda mezbonlar ikkita gol urgan va ikkinchi o‘rinni egallagan holda guruhdan chiqqandi. O‘sha mavsumda «Liverpul» Chempionlar ligasi g‘olibiga aylanadi.

D guruhi: «Lokomotiv» uchun imkon

Guruhda 1-o‘rin sohibi ham, ikkinchi yo‘llanma egasi ham rasman ma'lum. So‘nggi turda faqat Yevropa Ligasiga o‘tish imkoniyatini beruvchi 3-o‘rin uchun sirtqi kurash kechishi mumkin xolos. «Lokomotiv» turklar ustidan g‘alaba qozonib, bu o‘rin uchun kurashni qizitib yubordi.

«Lokomotiv» 3-o‘rinni qo‘lga kiritishi uchun avvalo, «Shalke» maydonida g‘alaba qozonishi shart. Durang qoniqtirmaydi, chunki o‘zaro o‘yinda «Galatasaroy»da ustunlik bor. Shu bilan birga, «Galatasaroy» ham «Portu»ni yutmasligi lozim bo‘ladi.

«Shalke» Germaniyada 14 turdan keyin 14 ochko ololgan xolos. Ayni vaqtda gilzenkirxenliklar bundesliga turnir jadvalida 13-o‘rinda joylashgan va jamoani «xavfli hudud»dagi «Hannover»dan 3 ochko ajratib turibdi. Shu tufayli ichki chempionatda ahvolni o‘nglash (keyingi turda turnir jadvalidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib bo‘lmish «Augsburg»ga qarshi o‘yin bor) uchun nemislar jamoasi murabbiyi Domeniko Tedesko tarkibda rotatsiyalar qilishi mumkin. «Lokomotiv»da esa asosiy hujumchi Jyefferson Farfan safga qaytgan. U sobiq jamoasi «Shalke»ga qarshi to‘liq kuch bilan o‘ynashga tayyor.

Mavzuga oid