20:50 / 12.12.2018
11444

Nyu-Yorkning yangi bosh prokurori Tramp faoliyatini tergov qilishni rejalashtirmoqda  

Foto: AP Photo / Andres Kudacki

Nyu-York shtatining yangi bosh prokurori etib saylangan, 2019 yil yanvarda ushbu lavozimga kirishadigan Letitsiya Jyeyms AQSh prezidenti Donald Tramp, uning oilasi va atrofidagilarning faoliyatini tergov qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda NBC News telekanali ma'lum qildi.

“Biz prezident Tramp va uning oilasining bitimlari, biznesini tergov qilish uchun qonunchilikning barcha sohalaridan foydalanmoqchimiz. Bizning tergov qonunchilikni buzgan uning atrofidagi barcha odamlarni qamrab olishi kerak”, deb ta'kidlab o‘tgan Jyeyms.

Ma'lum qilinishicha, Trampning Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulki bilan bog‘liq ehtimoliy noqonuniy xatti-harakatlari, unga yaqin odamlarning 2016 yilda rossiyaliklar bilan uchrashuvi, “u tomonidan olingan subsidiyalar” tekshiriladi. Bundan tashqari, yangi bosh prokuror Tramp fondi faoliyati bilan bog‘liq 2016 yilda boshlangan tergovni davom ettirmoqchi. 

Iyunda Nyu-Yorkning amaldagi bosh prokurori Barbara Andervud Tramp fondiga qarshi da'vo arizasi bergan. Da'vo arizasiga ko‘ra, Tramp fondning xayriya mablag‘laridan o‘zining huquqiy majburiyatlarini qoplash, mehmonxonalari va boshqa biznesini ilgari surish hamda shaxsiy buyumlar sotib olish uchun foydalangan. Noyabrda Nyu-York shtati oliy sudi Andervudning arizasini rad etib, uning ko‘rib chiqilishini to‘xtatishni talab qilgan.

Mavzuga oid
Top