AQSh prezidenti Donald Tramp 12 sentabr kuni Nyu-Yorkda Qatar bosh vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon al-Soni bilan tushlik qildi. Uchrashuv AQShning ittifoqchisi Isroil Dohadagi HAMAS yetakchilariga hujum qilganidan bir necha kun o‘tib bo‘lib o‘tdi.
Reutersʼning yozishicha, uchrashuvda Tramp va al-Sonidan tashqari AQShning maxsus vakili Stiv Uitkoff ham qatnashgan.
«Prezident bilan ajoyib kechki ovqat. Endi tugadi», — deb yozdi Qatarning AQShdagi elchixonasi rahbarining o‘rinbosari Hamah al-Muftah.
Oq uy ham kechki ovqat bo‘lib o‘tganini tasdiqladi, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi.
Mazkur uchrashuvdan oldinroq Qatar bosh vaziri shayx Abdurahmon al-Soni Oq uyda AQSh vitse-prezidenti J.D. Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan bir soat davomida muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv tafsilotlaridan xabardor Reuters manbasining aytishicha, ular Qatarning mintaqada vositachilik kelajagi va Dohadagi Isroil hujumlaridan so‘ng mudofaa hamkorligini muhokama qilgan.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi bayonotida Vens va Rubio Qatarning «tinimsiz vositachilik sa’y-harakatlari va mintaqada tinchlikka erishishdagi samarali roli» uchun minnatdorchilik bildirgani hamda Dohani «AQShning ishonchli strategik ittifoqchisi» deb atagani aytildi.
Al-Soni «Qatar davlati o‘z xavfsizligini himoya qilish va o‘z suverenitetini Isroilning oshkora hujumidan saqlash uchun barcha choralarni ko‘rishini» bildirdi. Shuningdek, u Isroilni – tinchlik imkoniyatlarini sabotaj qilishga urinishda aybladi, biroq Qatar vositachilik rolidan chekinmasligini bildirdi.
Avvalroq, Tramp Dohaga berilgan zarbadan norozi ekanini, uni AQShning ham, Isroilning ham manfaatlariga xizmat qilmaydigan «bir tomonlama harakat» deb ta’riflagandi. Tramp shuningdek, bosh vazir Benyamin Netanyahu va Qatar amiriga telefon qilib, bunday zarbalar qayta takrorlanmasligiga ishontirishga harakat qilgan.










