Nyu-York vaqti bilan 1 yanvarga o‘tgan paytda, payshanba kuning ilk lahzalarida Zohran Mamdani ushbu shaharning meri lavozimiga kirishdi. U Manxettendagi tarixiy, foydalanishdan chiqarilgan City Hall metro bekatida lavozimga kirish qasamyodini qabul qildi. Demokrat Mamdani AQShning eng yirik shahrining birinchi musulmon rahbari sifatida, qo‘lini tarixiy musxaf – Qur’oni Karim kitobi ustiga qo‘yib, qasamyod qildi.

Foto: AP

«Bu — butun umrimdagi eng katta sharaf va imtiyozdir», deya Mamdanidan iqtibos keltirmoqda AP nashri. Marosim, uning siyosiy ittifoqchisi – Nyu-York bosh prokurori Letitia Jyeyms tomonidan o‘tkazildi.

Mamdani mer sifatidagi ilk bayonotlarida eski metro bekatini «shahrimizning hayotiyligi uchun jamoat transportining naqadar muhimligini ko‘rsatib turuvchi guvohlik» deb atadi. U shuningdek, Transport departamentining yangi rahbari etib Mayk Flinn tayinlanganini e’lon qildi.

Foto: AP

Mamdani bugunning o‘zida yana bir bor, tantanaliroq tarzda – tushdan keyin 13:00 da City Hall'dagi ommaviy marosimda ham qasamyod qiladi. Ushbu marosimni Mamdanining yana bir ittifoqchisi – AQSh senatori Berni Sanders olib boradi. Shundan so‘ng uning idorasi Brodveyning bir qismida ommaviy bayram tadbirini o‘tkazadi.

Shaharning birinchi musulmon meri bo‘lishidan tashqari, 34 yoshli Mamdani Nyu-Yorkning – eng yosh va Afrikada tug‘ilgan ilk meri ham hisoblanadi.

U saylov kompaniyasida «arzonlik» tushunchasini butun siyosiy harakatlari markaziga qo‘ydi, deyish mumkin. Demokrat-sotsialist Mamdani dunyodagi eng qimmat shaharlardan birida yashash xarajatlarini pasaytirishga qaratilgan siyosatlar orqali o‘zgarishlar qilishga va’da bergan. Uning dasturida bepul bolalar parvarishi, bepul avtobuslar, taxminan 1 million xonadon uchun ijara muzlatilishi va shahar boshqaruvidagi oziq-ovqat do‘konlari pilot loyihasi bor.