O‘zbekiston | 21:00 / 14.12.2018
10582
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatidan qaytishi bilanoq Toshkent xalqaro aeroportida mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, o‘zining 100 yillik faoliyati davomida jahonda ijtimoiy adolatni ilgari surish va mehnatkashlar huquqini ta'minlashga xizmat qilgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan samarali hamkorlikni O‘zbekiston yuksak qadrlashini alohida ta'kidladi.

Mamlakatimiz 1992 yildan buyon Xalqaro mehnat tashkilotining to‘la huquqli a'zosidir. Bugungi kunga qadar tashkilotning 14 konvensiyasi, jumladan, 8 asosiy konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. 2017 yildan boshlab 2020 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan “Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi” amalga oshirilmoqda.

Ushbu dastur doirasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirish, fuqarolarning mehnat huquqlaridan xabardorligini, huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha tadbirlar olib borilmoqda, mehnat qonunchiligini buzish holatlari yuzasidan tezkor chora ko‘rishga qaratilgan muloqot mexanizmi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Joriy yilda O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining milliy koordinatori  ofisi ochildi.

Uchrashuvda XMT bilan barcha masalalar, jumladan, yangi yo‘nalishlar yuzasidan konstruktiv muloqotni davom ettirish va sheriklik munosabatlarini kengaytirishga ikki tomon ham tayyor ekani ta'kidlandi.

Gay Rayder davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni yuksak baholadi.

BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga hamohang amalga oshirilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi alohida qayd etildi.

Mehmon mamlakatimiz mehnat qonunchiligi normalari xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilayotgani, O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan XMT konvensiyalarini 2018-2020 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilinganiga yuksak baho berdi.

Toshkentda “Barqaror taraqqiyot maqsadlari doirasida munosib bandlikni ta'minlash: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi” xalqaro konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani samarali hamkorlikdan dalolat beradi.

Uchrashuvda sheriklikni yanada kengaytirish muloqotni faollashtirish uchun mustahkam zamin yaratishiga, O‘zbekistonda Bandlik milliy strategiyasini ishlab chiqishda XMT tajribasidan samarali foydalanishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tashkilot bilan uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish, mamlakatimiz tomonidan XMT konvensiyalarini ratifikatsiyadan o‘tkazish ishlarini davom ettirish, mehnat munosabatlari sohasida mutaxassislarini tayyorlash va ularning  malakasini oshirish, kasaba uyushmalari va Ish beruvchilar konfederatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

Mavzuga oid