Jamiyat | 16:20 / 19.12.2018
32983
8 daqiqa o‘qiladi

Kosonsoydagi mahalla 6 yildan buyon ichimlik suvisiz yashamoqda. Mutasaddi esa bunday mahalla mavjudligiga ishonmadi

O‘sha toza havosi, so‘lim tabiati, ma'danli suvlari bilan mashhur Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidamiz. Kun.uz tahririyatiga mazkur tuman markazi bo‘lmish Kosonsoy shahrida va boshqa ko‘plab qishloqlarda ichimlik suvi muammosi juda og‘ir holdaligi haqida murojaatlar kelgandi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

 

 2012 yildan beri ichimlik suvi yo‘q

Shahardagi Chorbog‘ MFY, Tong yulduzi ko‘chasidagi xonadonlar 2012 yili ichimlik suvidan uzib qo‘yilgan ekan.

Shu yillar davomida ular qayerdan suv topib ichishgan?

Ma'lum bo‘lishicha, mahalla ahli shu hududdan oqib o‘tuvchi «To‘qimboy» soyidan suv tashib foydalanadi. Kunlik hayotda, ro‘zg‘orga eng ko‘p ketadigan narsa albatta suv. Aholi oziq-ovqatga, ichishga, kir yuvishga ham o‘sha tarkibi noaniq oqar suvdan tashiydi.    

«Suvga mutasaddi tashkilot ko‘chamizda ichimlik suvi yo‘qligini bila turib, aholini qarzdor qilib qo‘yayotgani g‘alati holat. O‘zi suv yo‘q bo‘lsa, endi yo‘q suvga pul to‘lashimiz ham kerak ekan!», deydi mahallada yashovchi otaxon Mukarramxo‘ja Bahromov.

Oqsoqol ichimlik suvi masalasi bo‘yicha tuman hokimligiga qilingan murojaatlar besamar ketganini ta'kidladi.    

MFY raisi va fuqarolar bir necha marta dalolatnoma tuzib, Suv-oqava tashkiloti mutasaddilariga topshirishgan. Befoyda harakatlar...

Mahalla ahli har qanday vaziyatga moslasha oladigan, «ijodkor» ekan. Juda  ko‘plab xonadonlarda alohida qo‘lbola suv saqlash inshooti yasab o‘rnatilgan. Pishiq-puxta «suv ombori». Temirdan bo‘lgani uchun 2,3 million so‘mga tayyorlab berishar ekan.

Qurbi yetmaganlar esa, turli plastik idishlarga suyanadi. Har xonadonda 10-15tadan shunday idish bor. Yuqorida aytgilganidek, bir kunda ro‘zg‘orga kamida 10-15 chelak suv ketishi tabiiy hol. Mahalla, «Qachon suv  keladi?», deb yillar davomida kutib, oxiri o‘ziga sharoit yaratgan.

«Soy suvi toza bo‘lmagani uchun kasalliklar ko‘paymoqda», deydi otaxonlardan biri. Noilojlik...

Suv o‘sha «To‘qimboy» arig‘iga borib, mashinalarga yuklab olib kelinadi. Har kungi ikki soatlik mashg‘ulot. Yaqinda, ichida har narsa oqib keladigan o‘sha soyga ham «ko‘z tegibdi». Soy Qirg‘iziston hududidan keladi. Qo‘shni davlatda qazilma ishlari olib borilganida soydan 10-15 kun loyqa suv oqqan. Shu kunlari ko‘cha aholisi juda qiynalgan.

«Muxbir uka, ichimlik suvi 7 yildan beri yo‘q. Tomorqalarimiz ham suv yo‘qligidan qurib ketyapti. Chorasini qilishsin, kattalarga ayting», deydi Karomatxon ona Ja'farova.

O‘sha, aholi suv ichadigan soyni borib ko‘rdik. To‘g‘risi, bu oqin suv qandaydir qayta ishlovdan o‘tmasa, foydalanishga yaramasligi tayin.

Mahalla bizni qo‘shni ko‘chadagi qishloq suv xo‘jaligi balansida turuvchi, sizot suvlarni tortish inshootiga olib borishdi. Bu uskuna ham avariya holatida ekan. Undan texnik maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘lgan suv otilib chiqib yotibdi.

Hududdagi, O‘rikzor, Qorasuv, Olmazor MFYlarining ko‘plab ko‘chalarida ham ichimlik suvi muammosi.

 Tuman hokimligida

Shundan so‘ng, tuman hokimligiga bordik. Hokimning qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bir oy oldin ish boshlabdi. Shuning uchun tuman suv-oqava tashkiloti rahbari Husniddin Kamalov bilan mavjud muammolar qachon hal qilinishi borasida savol-javob qildik.

Mutasaddi Husniddin Kamalov tumanda ichimlik suvi bilan bog‘liq kamchiliklar deyarli yo‘qligini, mavjudlari ham tez orada bartaraf qilinishini aytdi. U tuman hududida 2012 yildan buyon suvsiz hayot kechirayotgan mahalla mavjudligiga ishontira olmadik. Bundan tashqari, juda ko‘plab MFYlarda yig‘ilib qolgan suv muammosi tez kunlarda yakuniga yetishi ham qiyin masala.

Hokimlik vakillari bilan uchrashgach, yana tumandagi murojaatlarni o‘rganish uchun yo‘l oldik.

 Suvsiz qishloq

Kosonsoy shahridan 25 kilometrlarcha uzoqlashgach, adirlar ichida yana bir «Chorbog‘» MFY hududidagi «Iftixor» mahallasi joylashgan. Qir, tepaliklarga yonma-yon joylashgan ikkita aholi yashash punkti. Ikkinchisining nomi «Yangi shahar» ekan.

Suv bu joylarda oltinga teng ne'mat. 700 nafarga yaqin kishi istiqomat qiluvchi ikki qishloqda ichimlik suvi quvurdan qachon sharqirab oqqanini eslay olishmadi. Uzoq yillardan beri ariq suvi ularning asosiy suv manbai. Bu yil katta yo‘l yoqasida joylashgan iftixorliklarning bu borada biroz omadi chopibdi. Sababi, yoz oyi qishloqdan bir kilometrcha uzoqlikdan quduq kavlab suv chiqarilgan.

 Lekin, kavlab chiqarilgan suv qudug‘iga elektr olib kelish, uning xavfsizligi uchun bino va suv tortuvchi nasos qo‘yish haqida unutishibdi. Tarmoqni qishloq tomonga keltirish bilan ham birovning ishi yo‘q. Mahalla oqsoqoli Muhammadali ota Toshpo‘latov tuman Suv oqava idorasiga shu yil 15 avgust kuni borgani va mutasaddilar muammolar 1 sentyabrgacha bitishiga va'da berganini aytdi. Va'da va'daligicha qolib ketgan.

 Qishloq ahli hozir suv nasosini o‘zi yurgizib, quvur tortib xonadonlarga yaqin joyda kuniga ikki marta suv chiqarib olyapti. Chorva mollari uchun uzun beton idish ham qilishgan. Quduq kavlangani bilan uni aholi xonadonlariga, hech bo‘lmasa ko‘chalarga qachon tortishlari aniq emas.

Yangishaharliklar esa mashinada yoki eshak aravada kelib, turli idishlarga suv to‘ldirib olib ketishadi. Ularga undan-da qiyin.

Suv chiqishi bilan hamma xonadonlardan aholi idishlarni ko‘tarib kelishni boshlaydi. Hatto, kichkina qizaloqlar ham suvga kelishga shay bo‘lib turar ekan.

Chunki, yigirma birinchi asrda yashab, ikki yuz metrdan chuqurlikdan obi-hayot chiqadigan oshyonda suv muammosi bo‘lishining o‘zi ham g‘alati. Yana hukumat aynan shu soha uchun byudjyetdan har yili yaxshigina mablag‘ ajratib berayotgan bo‘lsa.

 Aholi suyultirilgan gaz muammosidan ham shikoyat qilganida, keyingi safar aynan mana shu masalaga to‘xtalishga va'da berdik. 

Mazkur qishloqlarga biror mutasaddi kelib xalq dardini hech tinglaganmikan? Balki, mana shu maqola turtki bo‘lib,  kattalar muammolarni hal qilishga bel bog‘lashar?      

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid