Fan-texnika | 23:11 / 20.12.2018
9960
2 daqiqa o‘qiladi

Apple nuqsonni nuqson deb tan olishdan bosh tortdi

Foto: Macrumors.com

Apple korporatsiyasi yangi iPad egalaridan qurilma egilib ketayotgani borasida olingan shikoyatlarga izoh berdi. Kompaniya vakilining aytishicha, bu nuqson bo‘lmay, ishlab chiqarish jarayonining ikkilamchi oqibati hisoblanadi, deb yozmoqda The Verge nashri.

Yupqa korpusga ega yangi iPad Pro planshetlari sotila boshlangach, foydalanuvchilar qurilmani osongina egish mumkinligiga e'tibor qarata boshlashgan. Shundan keyin xaridorlar planshet qutidayoq egilgan holda bo‘lganidan shikoyat qila boshlashgan. Shuningdek, ba'zi xaridorlar planshet ishlatish davomida egilib ketayotganidan arz qilishgan.

Kompaniyada yangi iPad’lar biroz egik holda yetkazilishi mumkinligi tan olingan va bu kamchilik qurilma ishlashiga ta'sir qilmasligi hamda nuqson hisoblanmasligi aytilgan. Ta'kidlanishicha, bu ishlab chiqarish jarayonining ikkilamchi oqibati hisoblanadi – qurilma alyuminiy va plastik qismlari sovishi vaqtida egiladi.

Nashr jurnalistining ta'kidlashicha, egiklik qurilmadan foydalanish boshlangandan 2 hafta o‘tib paydo bo‘ladi. Kompaniya bunday holatda qurilmani almashtirish uchun do‘konga murojaat qilishni tavsiya qilgan. Biroq nashr xodimi bilan bog‘liq holatda yangi planshet ham egik holda bo‘lgan.

Apple yangi planshetini 30 oktyabrda taqdim qilgandi. Uning eng arzon, 11 dyuymli  versiyasi narxi 900 dollardan yuqoriroq turadi.

 

Mavzuga oid