«Demo Day»: eng yaxshi startaplar mualliflari mukofotlandi
Yoshlar ittifoqi press klubida «Demo Day» – «Startap g‘oyalar» dasturining final bosqichi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Final bosqichida hakamlar hay'ati va investorlar tomonidan quyidagi loyihalar eng yaxshi deb topildi:
«Little Big Media» - tadbirkorlarga o‘z mahsuloti reklamasini bevosita supermarket aravachasining o‘zida berish xizmatini taklif etadi. Bunda iste'molchi xarid chog‘ida aravachaga o‘rnatilgan gadjyetda mahsulotlar reklamasini ko‘radi va o‘sha paytning o‘zida xarid qilishi mumkin bo‘ladi. (g‘oya muallifi Humoyun G‘ulomov).
«Startupmarket.uz» - hozirgacha yaratilgan va yaratilajak loyihalar haqida ma'lumotlarni yagona portalga jamlash, startaper va homiylar o‘rtasida uzluksiz aloqani ta'minlashni maqsad qiladi (g‘oya muallifi Ulug‘bek Ismatov).
«UniBus» - jamoat transportlarida qancha yo‘lovchi chiqqanligi, ulardan qanchasi oylik to‘lov chiptasidan foydalanishini nazorat qiluvchi qurilma o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Bu yo‘lkiradan keladigan tushumning to‘lig‘icha g‘aznaga tushishini, chiptachi va haydovchi aralashuvini cheklashni ta'minlaydi (g‘oya muallifi Shahzod Umrzoqov).
«Innogroup» - jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun bionik qo‘l yaratishni ko‘zda tutgan bo‘lib, sun'iy intellekt orqali boshqariladi. Mazkur uskuna imkoniyati cheklanganlarga qulaylik yaratadi (g‘oya muallifi Alibek Jumaniyazov).
«Scratch» – vizual o‘yinlar orqali bolalarga dasturlash va axborot texnologiyalari bilan ishlashni o‘rgatishni nazarda tutadi. Bu dars jarayoni qiziqarli o‘tishi va o‘quvchilarda IT bo‘yicha ko‘nikma shakllanishiga asos yaratadi (g‘oya muallifi Aleksandr Gorovik).
Yuqoridagi besh loyiha 40 million so‘m bilan rag‘batlantirildi, g‘oya mualliflariga smartfon hamda biznes va rivojlanish bo‘yicha seminarlarda bepul qatnashish imkoniyatini beruvchi sertifikat topshirildi. Bundan tashqari, investorlar o‘zlariga ma'qul bo‘lgan loyihaga homiylik qilishlari mumkin.
«Startap g‘oyalar» BMTning taraqqiyot dasturi (UNDP) va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi hamkorligi doirasida yo‘lga qo‘yilgan dastur bo‘lib, u oliy ta'lim muassasasi talabalari va yoshlarning startap loyihalari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va yo‘lga qo‘yishga yordam berishni maqsad qiladi.
2016 yildan buyon an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan bu dastur doirasida tashabbuskor yoshlar o‘z loyihasi yuzasidan suhbat asosida tanlab olinadi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mutaxassislar rahbarligida loyihasini takomillashtiradi, uning real ishchi modelini yaratadi, bozor va auditoriyani o‘rganadi. O‘quv seminarlarida ishtirok etib, loyihaning huquqiy va moliyaviy asoslarini qanday tashkil etish borasida ko‘nikmaga ega bo‘ladi.
Ikkilamchi saralashdan keyin 16 ta startaper jamoa final bosqichiga yo‘l oladi hamda investorlarga o‘zining tayyor loyihasini namoyish etadi. Loyihalar texnologik nuqtai nazardan yangiligi, aniq muammoni hal qilishga qaratilganligi va amaliyotga joriy etish imkoniyatining mavjudligiga ko‘ra baholanadi.
Dastur tashkilotchisi, savdo-sanoat palatasi va UNDPning «O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish» hamkorlik loyihasi menejyeri Usmon Rahimjonovning aytishicha, ilgari Toshkent shahri miqyosida o‘tkazilgan tanlov bu gal butun respublikani qamrab oldi. «Keyinchalik ixtisoslashuviga ko‘ra startaplar uchun nominatsiyalar belgilashni rejalashtirganmiz», deydi u.
Shuningdek, dasturda talabalarga kontrakt to‘lovini amalga oshirishda qulaylik yaratuvchi «Kontrakt.uz» , salomatlikda muammo tug‘ilganda birlamchi tashxis qo‘yuvchi «Tashxis.uz», o‘zbek tekstil mahsulotlarini chetga import qilish xizmatlarini taklif qiluvchi «UzCommerce» kabi loyihalar ishtirok etdi.
Mavzuga oid
18:57 / 16.10.2024
Startap loyihalar ekotizimini rivojlantirish haqidagi prezident qarori imzolandi
14:16 / 24.08.2024
Yoshlar texnoparklari startapchilari xorijga stajirovkaga yuboriladi
10:39 / 22.01.2024
Farg‘onada innovatsion biznes g‘oyalari startapida g‘olib bo‘lgan 65 tadbirkor pulini ololmayotgani aytilyapti
14:06 / 17.01.2024