O‘zbekiston | 09:05 / 20.12.2018
17962
4 daqiqa o‘qiladi

Parlament a'zolari Sog‘liqni saqlash vazirligini tanqid qilishdi

Foto: parliament.gov.uz

2018 yil 19 dekabr kuni Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning vazirlikning aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Parlament eshituvida deputatlar sog‘liqni saqlash vaziri e'tiborini sohadagi mavjud kamchiliklar, yechimini kutayotgan qator muammolar hamda fuqarolarimiz tomonidan bildirilayotgan murojaatlarga qaratdilar.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, bugungi kunda tibbiyot sohasidagi garchand davlat rahbari tomonidan tibbiyot xodimlarining 2 stavkagacha ishlashi uchun sharoit yaratilgani, ishlovchi shifokorlarga pensiyasini 100 foiz olishi mumkinligi masalalari allaqachon hal etilgani, tibbiyot oliy o‘quv yurti bitiruvchilarini sohaga jalb qilish borasida chora-tadbirlar va boshqalar bir qator muammolarni hal etdi. Lekin bu borada vazirlik o‘ziga bog‘liq qator masalalarni oxirigacha hal etmagan. Shifokorlar davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, malaka oshirishi yoki qayta ixtisoslashish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimi tomonidan moliyalashtirilmagan, ularning toifa olishi uchun ham hamon to‘siqlar mavjudligi kadrlar yetishmovchiligida omil bo‘lib qolmoqda.

Bugungi kunda ixtisoslashgan tibbiyot markazlari soni 16 taga yetdi. Ushbu markazlar rahbarlari va malakali mutaxassislari joylarda o‘z ishlarini tashkil qilmoqda, murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham bajarmoqda. Lekin bunday ishlar hamma markazlarda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi. Markazlar o‘z ishlarini tashkil etishda kasalliklarning hududlar bo‘yicha tahlillariga, shuningdek, chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar natijalariga asoslanishi lozim. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari ko‘proq e'tiborni profilaktik tadbirlariga emas, balki davolashga qaratmoqdalar.

Parlament a'zolari vazirlik tomonidan ixtisoslashtirilgan markazlar faoliyatiga zamonaviy AKTlarni keng joriy etish orqali shaffoflik ta'minlash, bemorlarga navbatsiz davolanish imkonini yaratish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildilar. Bu borada gap ketganda, deputatlar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sa'y-harakati bilan Toshkent shahridagi 47-sonli oilaviy poliklinikada namunaviy tarzda elektron poliklinika tizimi tashkil qilingani, u amaliyotda o‘z samarasini ko‘rsatgani qayd etildi. Biroq soha mutaxassislari keng e'tirof etayotgan ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilish ishlari vazirlik tomonidan o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Hanuzgacha hududlarda birlamchi muassasaga biriktirilgan aholining elektron ro‘yxati shakllantirilmagan.

Ma'lumki, mamlakatdagi barcha tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tarkibida bepul xizmat ko‘rsatadigan shifoxonalar mavjud. Biroq Toshkent shahar tumanlarida bunday shifoxonalar yo‘qligi sababli poytaxt aholisi shahar shifoxonalarida pulli asosda davolanishga majbur bo‘lyapti. Navoiy viloyatining Navoiy va Zarafshon shaharlarida ham xuddi shunday holatni kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot tashkilotlari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish borasidagi muammolar ham deputatlar e'tiboridan chetda qolmadi. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, bolalar kasalliklari va nogironligining oldini olish yo‘nalishidagi ishlarni yanada jonlantirish, bu borada ilmiy-amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, fraksiyalar vakillari fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini qoniqarli deb topsa-da, vazirlik o‘z ish uslubini prezidentning 2018 yil 7 dekabrdagi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib tashkil etishi lozimligi ta'kidlandi.

Mavzuga oid