O‘zbekiston | 17:01 / 21.12.2018
16644
4 daqiqa o‘qiladi

Bepul Wi-Fi hududlarini barpo qilgan tadbirkorlar qanday imtiyozga ega?

Foto: Shutterstock

Tezkor rivojlanib borayotgan axborot asrida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar faolligining oshib borishi va turistlarning O‘zbekiston bo‘ylab sayohati davomidagi taassurotlarini internet tarmog‘iga muntazam joylashtirib borish imkonini oshirish maqsadida internet tarmog‘iga simsiz ulanish hududlari – «bepul Wi-Fi zonasi»ni kengaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu tadbirkorlarga mijozlarni jalb qilish uchun qo‘shimcha ijobiy chora sifatida qaralmoqda, deyiladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi saytida.

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5326-sonli Farmonida internet tarmog‘iga simsiz bepul ulanish hududlarini tashkil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga imtiyoz berildi. Unga ko‘ra, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘z hududida bepul Wi-Fi zonasini yaratgan  taqdirda, bu hududni kengaytirish (bir nechta Wi-Fi nuqtalarini yaratish, ularning signal maydoning kengaytirish) uchun xarid qilingan asbob-uskunalar (internet tarmog‘iga ulanish va tarqatish uchun zaruriy uskunalar, xususan router-modemlar, aloqa kabellari) va internet-trafikni sotib olish uchun yo‘naltirilgan xarajatlar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq solinadigan bazasi, shu jumladan, yagona soliq to‘lovi bo‘yicha bazasidan ayirib tashlanadi, undan qolgan mablag‘ belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

Masalan, 2018 yilning sentabr oyida xo‘jalik yurituvchi sub'yekti – umumiy ovqatlanish nuqtasi o‘z hududida barcha mijozlari uchun bepul Wi-Fi zonasini tashkil qilish uchun jami 40 million so‘mga router-modem va aloqa kabellari kabi zaruriy uskunalarni xarid qilib, bepul simsiz internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini yaratdi. Shuningdek, sentabr-oktabr oylari uchun internet trafigi uchun jami 1 million so‘m sarf qildi. Mazkur sub'yekt tomonidan 2018 yilning uchinchi choragida jami soliqqa tortiladigan daromadi 70 million so‘mni tashkil qilgan, shunday bo‘lsa-da, u faqat 29 million so‘m soliq to‘laydi.

Jamoat joylarida tashkil qilingan bepul Wi-Fi zonasini barpo etgan operator, provayder va boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar foydalanuvchilarni identifikatsiyalash tizimini o‘rnatgan holda tegishli sifatdagi ulanishni ta'minlashlari lozim.

Eslatma: soliq imtiyozi taqdim etilishi hisobiga bo‘shab qolayotgan mablag‘lar, ushbu mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilishi belgilab berilmaganligi sababli, buxgalteriya hisobining balans schyotlarida ko‘rsatilmaydi hamda Moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi hisobotda (2-shakl) aks ettirilmaydi. Vaqtinchalik taqdim etilayotgan soliq imtiyozining alohida hisobini yuritish uchun balansdan tashqari «Vaqtinchalik soliq imtiyozi» schyoti ochiladi, hamda hisobot davrida taqdim etilgan imtiyoz summalari uchun schyotning debetiga olib boriladi (Yuridik shaxslarga, soliqlar, bojxona va majburiy to‘lovlarni byudjyetga to‘lash bo‘yicha berilgan imtiyozlarni rasmiylashtirish va buxgalterlik hisobida aks ettirish tartibi to‘g‘risida nizom (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2005 yil 2 aprelda 1463-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan).

Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun telefon: (+998 71) 200-00-88, (1163)

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid