Jahon | 19:29 / 23.12.2018
16107
3 daqiqa o‘qiladi

Indoneziyadagi sunami qurbonlari soni 222 kishiga yetdi

Indoneziyada 22 dekabr kechki vaqt yuz bergan sunami qurbonlari soni 222 kishiga yetdi. 

Shuningdek, 840 kishi jarohat olgan, 28 kishi bedarak yo‘qolgan.

Foto: EPA-EFE

Ta'kidlanishicha, bu raqamlar yakuniy emas, qutqaruvchilar barcha jabr ko‘rgan aholi punktlarigacha hali yetib borishmagan.

Tsunamidan Yava dengizini Hind okeani bilan bog‘lovchi va Yava hamda Sumatra orollari o‘rtasida joylashgan Zond bo‘g‘ozi yaqinidagi hududlar, jumladan Banten viloyatidagi (Yava oroli) Pandeglang okrugi ko‘proq jabr ko‘rgan. Bu yerda Udjung-Kulon milliy bog‘i va ommaviy plyajlar joylashgan. 

Foto: AFP

Mutaxassislar sunamiga Anak Krakatau vulqoni otilgani sabab bo‘lganini taxmin qilishmoqda. Bu vulqon 1883 yilda falokatli otilish oqibatida vayron bo‘lgan Krakatau vulqoni o‘rnida hosil bo‘lgan. Vulqon qisman suv ostida joylashgani sababli uning otilishi to‘lqinlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Tsunami kuchiga shuningdek to‘linoy ta'sir qilishi mumkin: bunday vaqtda suvning ko‘tarilishi eng kuchli bo‘ladi.

Xorijiy OAVlardan birining ma'lum qilishicha, aholi yaqinlashayotgan to‘lqindan ogohlantirilmagan. Guvohlardan birining aytishicha, voqea yuz bergan kecha vulqonning aytarli faollashgani kuzatilmagan, u hattoki ko‘rinmagan.  Biroq keyin sohilga to‘lqin urilgan, birinchi to‘lqin kuchli bo‘lmagan, biroq keyingisi mashinalarni yuvib ketib, binolarni vayron qilgan.

Indoneziya rahbariyati aholini takroriy sunami yuz berishidan ogohlantirdi. Pandelang, Serang va Janubiy Lampung okruglari aholisiga Zond bo‘g‘ozi sohilbo‘yi hududlariga bormaslik tavsiya qilingan.

“Krakatau vulqoni otilishda davom etmoqda, bu takroriy sunamiga olib kelishi mumkin”, deb aytgan Indoneziyaning favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish davlat kengashi raisi Sutopo Purvo Nugroxo.

Foto: EPA-EFE
Foto: AFP
Foto: AFP
Foto: AFP
Foto: Flickr
Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid