Jahon | 17:57 / 25.12.2018
19787
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Venesuela Rossiya uchun strategik g‘alabaga aylandi

Foto: Maxim Shemetov/AP

Venesuela Rossiya uchun nisbatan «arzon» ittifoqdoshga aylanishi, investitsiyalardan ehtimoliy foyda esa bebaho bo‘lishi mumkin. Bu haqda The Washington Post gazetasi yozmoqda.

O‘tgan o‘n yil mobaynida kichik kreditlar va mablag‘lar yo‘naltirilishi evaziga Rossiya endi Venesuelaning katta qismi, eng kamida, beshta neft koniga egalik qilmoqda. Ushbu davlatda esa dunyodagi eng katta zaxiralar mavjud.

WP’ning yozishicha, Venesuela hukumatidagi rossiyalik maslahatchilar prezident Nikolas Maduroning mamlakatni bankrotlikdan olib chiqib ketishga qaratilgan siyosatini «yo‘naltirishga yordam bermoqda». Nashrning qayd etishicha, ular Amerika sanksiyalarini chetlab o‘tgan holda neft to‘lovlarini amalga oshirishga yordam beradigan, birinchi «petro» raqamli valyutasini ishga tushirishga ko‘mak ko‘rsatishdi.

Bundan tashqari, Venesuela oldin mudofaa bo‘yicha faqat Amerikaning mijozi edi. Ammo hozirda mamlakat Rossiya qurol-yarog‘i, tanklari va samolyotlari bilan jihozlangan.

Gazetaning ta'kidlashicha, Rossiya Yaqin Sharq mintaqasidagi yirik o‘yinchi, Osiyodagi vositachi va zamonaviy qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi sifatida o‘zini tikladi.

Rossiya uchun G‘arbiy yarim shardagi siyosiy forpostni yaratish «strategik g‘alabaga» aylandi, deya ma'lum qilgan Amerika Kengashi va Amerika Jamiyati vitse-prezidenti Erik Farnsvort.

«Men Rossiya Maduro rejimining omon qolishi haqida qayg‘urayotganiga ishonmayman. U – maqsadga erishishning bir yo‘li. Yakuniy maqsad – hokimiyatni yaratish, G‘arb sanksiyalaridan qutulish va Qo‘shma Shtatlar uchun qiyinchiliklar tug‘dirish», – deya hisoblaydi Farnsvort.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va Rossiya kuchayadigan bo‘lsa, dunyoda falokat yuz berishi taxmin qilingandi. 

Mavzuga oid