«O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Kecha, 24 dekabr kuni «Yoshlar ijod saroyi»da «O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti» tanlovi g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Unda davlat va jamoat arboblari, vazirlik, idora va muassasalarning mutasaddi rahbarlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yetakchilari va faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tanlovda noyabr oyi davomida vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta'lim va ijtimoiy soha, san'at, madaniyat, jurnalistika va sport sohalaridagi 17 ta nominatsiya bo‘yicha 1109 nafar tavsiya etilgan nomzodlar orasidan 49 nafar iqtidorli yoshlar qatnashdi.
Mazkur nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlashda xalq fikrini bilish maqsadida Komissiya tomonidan saralab olingan 49 nafar nomzod aholining to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berishi uchun http://ittifoqmukofoti.uz/ saytiga joylashtirildi.
Ovoz berish bosqichi yakunidan so‘ng Komissiya tomonidan nomzodlarning to‘plagan ovozlari ko‘rib chiqildi va har bir nominatsiyada bir nafardan g‘oliblar aniqlandi.
Istisno tariqasida «Yilning eng yaxshi yosh olimi» nominatsiyasi bo‘yicha talabgor bo‘lgan nomzodlarning erishgan yutuqlari darajasi bir xil bo‘lganligi uchun ikki nafar nomzod g‘olib deb topildi.
Yoshlarga oid davlat siyosati sohasida «Yilning eng yaxshi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi xodimi» nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Urganch tuman “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi Hamro Jumaniyozov, «Yilning eng faol huquq targ‘ibotchisi» nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati Adliya boshqarmasi ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyoti va o‘rganish bo‘limi yetakchi maslahatchisi Sadriddin Esonaliyev, «Yilning eng yaxshi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mahalliy Kengashi raisi» nominatsiyasida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Xo‘jayli tuman Kengashi raisi Xalila Xalmuratov mukofotga loyiq deb topildi. G‘oliblarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev taqdirladi.
Tanlovning iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi sohasida «Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori» nominatsiyasi bo‘yicha «Xorazmlik Rahimovlar» oilaviy korxonasi rahbari Suhrobbek Rahimov, «Yilning eng yaxshi yosh fermeri» nominatsiyasi bo‘yicha Akmal Oromov, «Yilning eng yaxshi yosh hunarmandi» nominatsiyasi bo‘yicha Barno Narzullayevalar muvaffaqiyat qozondi. Mukofotga munosiblarni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov va O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov taqdirladi.
G‘oliblar ichida jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, 5 yildan buyon hunarmandchilik bo‘yicha samarali faoliyat yuritayotgan jizzaxlik Barno Narzullayeva ham bor. Ajoyib iqtidor egasi “Yilning eng yaxshi yosh hunarmandi” sifatida e'tirof etildi. Yosh hunarmand munchoqlar bilan turli sopol buyumlariga bezak beradi. Ikki yil davomida “Hunarmandlar” uyushmasiga a'zo bo‘lib, yanada kengroq tajriba oshirdi. Joriy yilda “Hunarmand uyushmasi“ tomonidan ilk bor o‘tkazilgan “Amaliy san'at yosh hunarmandlar qo‘lida“ tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
— Men o‘z ishlarimda tarixiy obidalarni, yurtimiz go‘zalligi va tabiat tarovatini aks ettiraman. Bitta kichik ijodiy ishim uchun 10-15 kun vaqt sarflayman. Yirik ijodiy namunalarim esa bir oylik vaqtni oladi. Ko‘pgina tanlovlarda mehnatlarim yuksak qadr topdi. Iliq fikrlar, rag‘batlar meni yana ham ruhlantiradi. Hamisha ma'lum bir cho‘qqini zabt etishni ko‘zlab yashasak, bizda intilish, shijoat va yuksalish bo‘ladi. 2017 yil shu tanlovni kuzatib g‘oliblarga havas qilgan edim. Bugun esa o‘zim ham g‘oliblar safidaman. Menga ko‘rsatilgan e'tibordan nihoyatda mamnunman. Bu ishonch va rag‘batga javoban “Yoshlar–kelajagimiz“ jamg‘armasidan imtiyozli kredit olib, imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘z faoliyatimni kengaytirmoqchiman. Niyatim, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish orqali yurtimizdagi ishsizlar sonini kamaytirishga, iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish, – deydi Barno Narzullayeva.
Fan-ta'lim va ijtimoiy sohada «Yilning eng yaxshi yosh ixtirochisi» nominatsiyasiga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi robototexnika to‘garagi rahbari Bunyodbek Zaripov, «Yilning eng yaxshi yosh olimi» nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent moliya instituti Ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi muhandisi Jasur Umurzoqov, Toshkent Davlat texnika universiteti katta o‘qituvchisi Boburjon Zayniddinovlar, «Yilning eng yaxshi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi» nominatsiyasi bo‘yicha vazirlik va idoralardagi yetakchilar Kengashi yetakchisi Abdulla Karabayev, Ta'lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Sherzod Normatovlar va “Yilning eng yaxshi «Kamalak» sardori” nominatsiyasiga Madinabonu Saidjonova eng munosiblar deb topildi. Ularga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan aktrisa Gavhar Zokirovalar tantanali topshirishdi.
San'at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasida «Yilning eng yaxshi yosh aktyori» nominatsiyasida O‘zbekiston San'at va madaniyat instituti talabasi, "O‘zbekkino" Milliy agentligi aktyori Behruz Tohirov, «Yilning eng yaxshi yosh qo‘shiq ijrochisi» nominatsiyasida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi xonandasi Mashhurbek Raimjonov, «Yilning eng yaxshi yosh ijodkori» nominatsiyasida O‘zbekiston badiiy akademiyasi Andijon viloyatidagi ixtisoslashtirilgan san'at maktabi internati o‘quvchisi Dilhavas Qodirova, «Yilning eng yaxshi yosh jurnalisti» nominatsiyasi bo‘yicha «O‘zbekiston 24 » telekanali muxbiri Muslima Amanqulova, «Yilning eng yaxshi yosh sportchisi» nominatsiyasida O‘zbekiston Milliy olimpiya terma jamoasi a'zosi Roziya Ergashevalar sovrindor bo‘ldi. Ularni O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev va O‘zbekiston xalq artisti Mirza Azizovlar taqdirladi. «Yilning eng yaxshi yosh blogeri» nominatsiyasiga munosib nomzod bo‘lmaganligi sababli sovrindor aniqlanmadi.
Tanlov g‘oliblari eng kam ish haqining 30 baravari miqdoridagi pul mukofoti, statuetka hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shahnoza Nurullayeva.
Mavzuga oid
19:56 / 11.11.2024
Aleksey Navalniyning bevasi Magnitskiy nomidagi mukofot laureati bo‘ldi
22:16 / 08.11.2024
Shavkat Mirziyoyev bir guruh tibbiyot xodimlarini mukofotladi
14:09 / 02.11.2024
Xitoydagi shaharda kelin 35 yoshdan kichik bo‘lsa, nikohdan o‘tishda hukumat tomonidan pul to‘lanadi
18:55 / 24.08.2024