Jamiyat | 19:00 / 26.12.2018
1683
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz sen bilan birgamiz!» bayram tadbirlari bemor bolalarga quvonch ulashmoqda

Dunyoda quvonchu-shodliklar bisyor. Ammo, ularning hech birini bolajonlarning sho‘x-shodon kulgilari, xursandchiliklariga tenglashtirib bo‘lmaydi. Yangi yil arafasida yurtimizning barcha joylarida bayram shodiyonalari ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Biroq, bu kun tantanalaridan bebahra bolajonlar ham yo‘q emas. Og‘ir xastalik sabab bolalik davr-u davronini, hayotning shirin zavqini tuyib ulgurmagan nihollar kasalxona derazasidan mo‘ralagancha Yangi yil shukuhi, Qorbobo va Qorqiz tashrifi, uzoq kutilgan bayram sovg‘alarini qumsagancha xayolga cho‘madi.

Ana shunday beg‘ubor qalblarga quvonch, xushkayfiyat va umid uchqunini ulashish maqsadida bugun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan Yangi yil munosabati bilan Respublika qon quyish va ilmiy tekshirish institutidagi og‘ir bemor bolalar uchun Qorbobo va Qorqiz, ertak qahramonlari ishtirokida bayram sovg‘alari tarqatildi. Kutilmagan bayram tashrifi 100 nafardan ortiq bolajonlar uchun bir olam quvonch hadya etdi.

Ko‘zmunchoq bolajonlar bayramga atalgan she'rlarini to‘lqinlanib aytib berishdi. Bir yarim yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolajonlarning orzulari, kelajakdagi maqsadlari ezgu niyatlariga quloq tutib, qalblar larzaga keldi. Hayot nashidasini, umr qadrini, sog‘lik ne'mati va unga shukronalik tuyg‘ularini mana shu jajji bolakaylar ham his qilib ulgurgan. Qorbobodan bayramga dardlariga darmon tilagan murg‘ak qalblar hech kimsa xasta bo‘lmasligini so‘rashdi. Ularning orasida kelajakda uchuvchi, harbiy, shifokor, san'atkor bo‘lishni orzu qilganlar talaygina.

Shuningdek, bayramona tashriflar Toshkent viloyatining Toshkent tumanida ham davom ettirildi. Tumandagi og‘ir bemor bolalar, kam ta'minlangan oilalar farzandlari holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari taqdim etildi.

26 dekabr Respublika onkologiya ilmiy markazida ham Yangi yil ayyomi tashkil etilib, davolanish amaliyotini o‘tayotgan bolalar holidan xabar olindi. Har bir bola bilan samimiy suhbat qilinib, ularga bayram sovg‘alari ulashildi. Toshkent shahar onkologiya markazida tashkil etilgan bayram tadbiri natijasida dardiga davo izlab, bir necha oydan buyon muolaja olayotgan bemor bolalarning yuziga tabassum yugurdi. Qorboboning sovg‘alarini cheksiz mamnuniyat ila qabul qilib olgan bolakaylar qalblaridagi orzularini jajji barmoqchalari bilan birma-bir sanab berishdi.

"Hozirgi kunda qizim Muhabbat Rixsiboyeva 15 yoshni qarshi oldi. U 10 yoshligida yiqilish oqibatida jarohat olib, sarkoma kasalligi bilan og‘rib qoldi. Davolanish mobaynida bir oyog‘i bilan bog‘liq jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. So‘ngra kimyoviy terapiya kurslarini oldi. Ushbu davo muolajalari ijobiy natija berib, farzandim o‘zini tobora yaxshi his qila boshladi. Mazkur tadbir farzandlarimizga a'lo kayfiyat bag‘ishlab, ularni yanada ruhlantirdi. Bolalar quvonchi bizni ham, shifokorlarni ham xushnud etdi", – deydi bemor qizning onasi Musharraf Yusupova. —Niyatim, jamiki bemorlar yil yakuniga qadar dardiga shifo topib, yangi yilda hech kim betob bo‘lmasin.

Bu xayrli tashabbus og‘ir bemor bolalar va ularning oilalarini ham ruhiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya qilish, ko‘tarinki bayram kayfiyati ulashish, ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qildi.

—Qo‘lga kirgan zirapcha bolaning birgina barmog‘iga og‘riq bersa, jigarbandining ozor chekishiga guvoh bo‘layotgan onaning bag‘ru dilini tilka-pora qiladi. Biz bu tadbirlarimiz orqali ham xasta bolalarga quvonch ulashish, ham taqdir charxpalagining turli sinovlarida irodasi toblanayotgan onaizorlarga ruhiy madad bo‘lib, mahzun chehralariga sevinch bag‘ishlashga harakat qildik, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi Yoshlar bandligini ta'minlash va ijtimoiy himoya bo‘limi bosh mutaxassisi Hayotjon Qosimov.

Bayram tadbirlari 27 dekabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota, Oqqo‘rg‘on, Qibray tumanlarida davom ettirilib, kam ta'minlangan, imkoniyati cheklangan yoshlarga bayram sovg‘alari tarqatiladi.

Shaxnoza Nurullayeva

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid