O‘zbekiston | 08:20 / 26.12.2018
12606
7 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlik sub'yektlari ustidan davlat nazoratining asosiy prinsiplari belgilanadi

Foto: Pinterest

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, davlat nazoratini amalga oshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;

tadbirkorlik sub'yektlarining qonuniy faoliyatiga aralashmaslik;

tadbirkorlik sub'yekti huquqlarining ustuvorligi, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va uning davlat tomonidan nazorat qilinishi bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik sub'yektining foydasiga talqin etiladi;

tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, uning barvaqt oldini olish va profilaktikasi samaradorligini oshirishni ta'minlash.

Nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida quyidagilarga yo‘naltirilgan profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshiradi:

huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish;

ularning faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash;

huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablarini, ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash va o‘rganish;

huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish choralarini ko‘rish;

tadbirkorlik sub'yektlarida javobgarlikka tortilish xavfini kamaytirish.

Profilaktik chora-tadbirlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘zlari tasdiqlagan har choraklik manzilli dasturlar asosida huquqiy tashviqotlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Profilaktik chora-tadbirlar o‘tkazish davomida huquqbuzarliklar sodir etish holatlari aniqlangan taqdirda, nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari huquqbuzarlik sodir etilishi sabablarini va uni keltirib chiqargan shart-sharoitlarni o‘rganib chiqishi shart.

Profilaktik chora-tadbirlar natijalariga ko‘ra nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlariga huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik yoki ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan takliflar beriladi.

Profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash va har qanday ko‘rinishdagi huquqiy ta'sir choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Xavfni tahlil qilish” tizimi tadbirkorlik sub'yektlari o‘z faoliyatida qonun hujjatlarini buzish xavfi darajasini davlat nazoratining tegishli sohasiga oid aniq mezonlar asosida aniqlash mexanizmini nazarda tutadi.

“Xavfni tahlil qilish” tizimi tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro aloqaga kirishmasdan qo‘llaniladi, ular tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli nazorat organlariga hisobotlar taqdim etish hollari bundan mustasno.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga “xavfni tahlil qilish” tizimini joriy etish mezonlari va tartibi nazorat qiluvchi organlar tomonidan vakolatli organ hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda, o‘zlari amalga oshiradigan nazorat xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish haqida qaror qabul qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilikni buzish holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida “xavfni tahlil qilish” tizimi natijalari.

Tadbirkorlik sub'yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish haqida qaror qabul qilish uchun quyidagilar asos bo‘la oladi:

soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashga oid soliq va bojxona qonun hujjatlarini muntazam ravishda (moliya yili davomida ikki va undan ortiq marta) buzish;

eng kam ish haqining yuz baravaridan ortiq miqdorda soliq qonun hujjatlarini buzish holatlari aniqlanganda;

ustav jamg‘armasida ellik foizdan ortiq davlatning ulushi bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan soliq va bojxona qonun hujjatlarini buzish holatlari aniqlanganda.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish quyidagicha tashkil etiladi:

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ bilan kelishilgan holda;

vakolatli organni xabardor etish tartibida.

Vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshirishlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish nazorat qiluvchi organlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tgan va tekshirishlarni o‘tkazishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma olgan mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.

Nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini tekshirishiga xizmat guvohnomasi, tekshirishlarni o‘tkazishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma va ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslariga tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish huquqini berish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.

Vakolatli organ o‘z vakolatlari doirasida:

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish haqidagi talabnomalarining asosliligini ko‘rib chiqadi va o‘rganadi;

tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berish yoki uni rad etish, shuningdek, ularning muddatini uzaytirish yoki ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

nazorat qiluvchi organlarning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘radi;

davlat nazoratini amalga oshirish sohasida yagona hisob va hisobotlar yuritishni ta'minlaydi;

nazorat qiluvchi organlarning davlat nazorati va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyati monitoringini olib boradi va uni baholaydi;

nazorat qiluvchi organlar tomonidan davlat nazoratini amalga oshirishda yagona huquqni qo‘llash amaliyoti olib borilishini ta'minlaydi.

Vakolatli organning tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha qarorlari nazorat qiluvchi organlar uchun bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid