Jahon | 22:22 / 26.12.2018
4509
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy davlat kimyo korporatsiyasining sobiq bosh direktori poraxo‘rlik uchun 12 yilga qamaldi

Xitoy davlat kimyo korporatsiyasi Sinochem Group’ning sobiq bosh direktori Tsay Siyu poraxo‘rlik uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Tegishli hukm Tayan shahri xalq sudi tomonidan chiqarilgan.

2017 yil iyulda Xitoy kompartiyasining intizomni tekshirish bo‘yicha markaziy komissiyasi Tsay Siyuning partiya tarkibidan chiqarilishi va egallagan lavozimlardan chetlatilishini ma'lum qilgan. Partiya ichidagi tergov natijalariga ko‘ra, sobiq amaldorning korrupsiyaviy jinoyatlari fosh qilingan va materiallar sud idoralariga topshirilgan.

Tergov 1996-2016 yillar davomida davlat energetik kompaniyalarida bir qator mas'uliyatli lavozimlarni egallagan Tsay Siyu o‘z xizmat mavqeidan boyishda foydalangani, muayyan shaxslar va tashkilotlarga muzd evaziga shartnomalar tuzishda yordam berganini aniqlagan. Sobiq amaldor umumiy hisobda 53 mln yuandan (7,7 mln dollar) ko‘proq pora olgan. Sud uning zimmasiga 3 mln yuan (441 ming dollar) jarima to‘lash majburiyatini yuklagan, noqonuniy orttirgan mol-mulkini davlat foydasiga musodara qilgan.

Sinochem Group Xitoyning eng yirik kimyoviy kompaniyasi hisoblanadi. Uning tarkibiga Xitoy va xorijdagi 300 dan ko‘proq korxona kiradi, xodimlari soni 50 mingga yetadi. 2017 yil natijalariga ko‘ra, kompaniyaning jami aktivlari 417,2 mlrd yuanni (60,5 mlrd dollar) tashkil qildi. Kompaniya 2018 yilda dunyoning eng yaxshi kompaniyalari reytingi Fortune Global 500’da 98-o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid