O‘zbekiston | 09:55 / 30.12.2018
7065
2 daqiqa o‘qiladi

IIV yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilishga chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi yangi yil bayrami kunlarida xavfsizlik qoidalariga rioya etishga chaqirdi.

«Kunlar sovishi bilan elektr, gaz yoki boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanishga ehtiyoj ortadi. Bunda e'tiborsizlik tufayli yoki nosoz, nostandart isitish moslamalarini ishlatish natijasida yong‘inlar sodir bo‘lishi mumkin.

Yong‘inlarning oldini olish maqsadida isitish moslamalaridan foydalanishda quyidagi yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilishingizni so‘raymiz:

- qo‘lbola hamda nosoz gaz, elektr va boshqa yoqilg‘ida ishlaydigan isitish moslamalaridan foydalanmang;

- isitish moslamalarini o‘rnatishda va foydalanishda ularni ishlab chiqargan korxonaning tavsiyasi va yo‘riqnomasi talablariga rioya qiling;

- isitish pechlari va mo‘rilarning sozligiga doimo e'tibor bering;

- isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormang;

- gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmang;

- gaz uskunalarini ulash tartib-qoidalariga rioya qiling;

- tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr simlari va kabellardan foydalanmang.

Mabodo xonada gaz hidini sezsangiz, chiroq va uchqun chiqaruvchi moslamalardan aslo foydalanmang, darhol xonani shamollatish chorasini ko‘ring va bu haqda «104» telefon raqami orqali gaz xizmatiga xabar bering. Yong‘in sodir bo‘lgan taqdirda Yong‘in xavfsizligi xizmatining «101» telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qiling.

Ushbu qoidalarga rioya etish bilan Siz o‘zingiz va yaqinlaringizni hamda uy-joyingizni yong‘indan saqlab qolgan bo‘lasiz!», deyiladi xabarda

Mavzuga oid