O‘zbekiston | 20:15 / 31.12.2018
21535
4 daqiqa o‘qiladi

“Biz uzoq vaqtni yo‘qotganmiz”. Deputat Rasul Kusherbayev bilan katta suhbat

Ko‘rinmaydiganlar orasida ko‘rinish, jim turadiganlar orasida jimlikni buzish osonmas. Bu ishlarning uddasidan chiqqan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev faol deputat bo‘lishning tovoni, zimmasidagi mas'uliyat va vazifalar, umuman mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy holatga sharh berib, Kun.uz bilan intervyuda bular haqida gapirib berdi.

Tas-IX

YouTube

“Faollik, deganda, ochig‘i, ko‘proq kuchimni qaysidir masalaga ko‘proq sarflayotgandirman, kamroq uxlashga to‘g‘ri kelayotgandir, degan ma'noda aytmasdim. Farqli jihati shundaki, biz so‘nggi paytda joylarda odamlar bilan ko‘proq muloqotda bo‘lyapmiz. Shunga ko‘proq vaqt ajratishimizga to‘g‘ri kelyapti. Ular (saylovchilarning - tahr.) bilan gaplashyapmiz, ularning dardini eshitganingizdan so‘ng, istaysizmi, yo‘qmi, ma'lum bir vaqt ana shu dardning aurasiga tushib qolasiz. Va mana shu holatlarni jamoatchilikka yetkazishning usullari ko‘payib boryapti”, - deydi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayevning aytishicha, deputatlarni qiynab kelgan masala - ijtimoiy tarmoqlar orqali yoki boshqa istalgan manbalar orqali shaxsiy fikrlarni yetkazib borish, ana shu fikrlar qolipga solinmagan bo‘lishi dolzarb emasdi.

“Jamoatchilik ham deputat deganda rasmiy, kitobiy tilda yozilgan ma'lumotlarni emas, oddiy, o‘ziga o‘xshagan tilda gapiradigan, xalqona tilda ma'lumotlar bera oladigan, oddiy kishini tushunsa, degan xohish bor bo‘lgan. Ammo, imkoniyat bo‘lmagan”, - deydi deputat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyev Parlamentga ilk murojaati davomida aynan shu masalaga urg‘u berib, davlat amaldorlari, siyosatchilarni ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishga, xalq bilan yaqindan muloqot qilishga chaqirgandi. Deputat davlat rahbarining chaqiruvi imkonsiz sharoitlarni bor qilganini ta'kidlaydi.

“Shuning natijasida, tarmoqlarda sahifalarimizni ochdik, ochiqcha ishlashga harakat qildik. Shunga zamin paydo bo‘ldi. Kim bundan qay darajada foydalanyapti, bu uning o‘ziga havola”, - deydi u.

Deputatning ta'kidlashicha, prezident ko‘p marta parlamentni faol bo‘lishga chaqirib, jamiyat rivojining lokomotivi bo‘lishi zarurligini uqtirmoqda. Bu fikrlarni odamlar ham tushunib yetyapti, qarayaptiki, ko‘p masalalarni hal etishda bosh bo‘g‘in parlament bo‘lishi kerak.

“Odamlar deputatlarning vakolati bor ekan, deya, bizdan talab qilishga o‘tyapti”, - deb qo‘shimcha qiladi u.

Konstitutsiyada parlamentning vakolat va haq-huquqlari belgilab qo‘yilgan. Lekin, amalda bundan deputatlar qanchalik foydalanyapti, degan savol ochiq qolmoqda, deb hisoblaydi Rasul Kusherbayev.

“O‘zimning faoliyatim misolida ham, bu vakolatlardan to‘liq foydalanyapmiz, odamlar kutgan natijani qoyil qilib bajaryapmiz, deb aytolmayman. Buning sabablari nima bilan bog‘liq, deb so‘rasangiz, biz uzoq vaqt yo‘qotganmiz. Parlament ko‘p vaqt haqiqatan odamlarning talabidagi formatda, menimcha, ishlamagan. Bunga ehtiyoj bo‘lmagan, yo imkoniyat bo‘lmaganmi, buni bilmayman. Hozirgi faoliyatim davomida tushunib yetganim shuki, parlament eng yuqori bo‘g‘inda turib, odamlarning xalq hokimiyatchiligini o‘rnatib berishda yorqin namuna bo‘lishi zarur. Odamlar o‘zining xohish-istagini hokimiyat orqali, sud taraflama emas, aynan parlament orqali yetkazish kerak. Shu orqali qonunlarni qabul qildirib, boshqarish kerak”, - deb fikrlaydi deputat.

Unga ko‘ra, kishilar qaysidir organ faoliyatidan qoniqmagan taqdirda, shu masalani ham parlament orqali ko‘tarib, nazoratga olishi lozim va parlament bu funksiyalarni bajarishi kerak, aslida.

Mavzuga oid