19:07 / 01.01.2019
17959

Kusherbayev: Fuqaro deputatdan sud ishini hal qilib berishini so‘rab, xafa bo‘ldi

Ishi sudga tushgan fuqaro deputat Rasul Kusherbayevdan qattiq xafa. Deputatning aytishicha, fuqaro sudyaning faoliyatidan qoniqmayapti, uning arizasi qabul qilingani bilan murojaati ko‘rib chiqilmayapti. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Kun.uz'ga bergan intervyusida xalq murojaatlarini o‘rganishda yuz berayotgan ayrim holatlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Biz hisobot tayyorlash bilan bandmiz», degan sabablar keltirilyapti. Fuqaro esa siz shuni hal qilib berishingiz kerak degan talabni menga bildiryapti. O‘zingiz o‘ylang, sudning faoliyatiga aralashish qonun bilan deputatga ham taqiqlangan. Biz faqat harakatdan to‘xtatilgan ish bo‘yicha so‘rov yuborishimiz mumkin. Lekin, odamlar talab qilyapti: «siz shu ishni qilishingiz kerak, men sizdan xafaman», - deb aholi va deputat munosabatlarining tub muammolari haqida gapirgan Kusherbayev.

Deputatning aytishicha, o‘z vakolati doirasidagi masalalar bo‘yicha deputat bajonidil ko‘mak berishga tayyor.

«Vaqt o‘tib solishtirishga to‘g‘ri kelyapti: boshqa davlatlarda vaziyat qanday? O‘tgan yili AQSh safari davomida bir vaziyat xotiramda qoldi. Biz AQSh kongressmenlari hududlardagi saylovchilari uchun tashkil etilgan qabulxonasida bo‘ldik. Ofis xodimlari bilan suhbatda, meni qiziqtirgan savol shu bo‘ldiki, odamlar qanaqa masala bilan bu yerga keladi, degan mazmundagi savolni qo‘ydim. Ular ko‘proq pensiyaga oid qonunlardan norozi bo‘lib, soliqqa oid qonunlarni isloh etilishini so‘rab, fikrini bildirishi ma'lum qilindi. «Fikrimni o‘sha kongressmenga yetkazib qo‘ying» deya murojaatlar bo‘ladi. Asosan shu. 

Men o‘ylanib qoldim. «Sizlarda «nima uchun falonchi mahallaning «svet»i yo‘q, nega ko‘cham asfalt qilinmagan, nega mas'ul idoraning xodimi talablarni qondirmayapti» kabi masalalar bilan kelmaydimi», desam, «iye, bu kongressmen qiladigan ish emas-ku», dedi. «Nega», desa, «hamma ishning o‘z egasi bor-ku, odamlar o‘shaning o‘ziga boraveradi», dedi», - deya ta'kidlagan u. 

Rasul Kusherbayevning fikricha, maktab yoshidan boshlab, aholiga deputat nima ish qilishi, parlament vakolati, ijro hokimiyati vazifalari, hech bo‘lmasa, hokimiyat bo‘linish tamoyillarini oddiy tilda tushuntirib berilmasa, yuqorida deputat bilan yuz bergan holatlar ko‘payaveradi. 

«DSENM masalasiga ham deputat, sud ishiga hokim javob beradi, degan mazmundagi chalkashlik bo‘laveradi», - deb fikrini tugallagan deputat.

Rasul Kusherbayev bilan katta suhbatni video lavhada to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Tas-IX

YouTube

Top