Yaqinda juda abgor bir xonada, nochor ahvolda yashayotgan ayolning fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.
Uysiz qolib, ko‘cha-ko‘yda, metro stansiyalarida, yer osti yo‘llarida kun ko‘rayotgan odamlar borligini eshitgandik, TV orqali ko‘rgandik. Ammo ular faqat xorijda bo‘ladi, degan tasavvurga ega edik. O‘zbekistonda ham shunday ahvolda qolgan odamlar borligi xayolimizga ham kelmagan.
Biz bu oilani izlab, Xorazm viloyatining Hazorasp tumani markazidan topdik. Ayni paytda eski harbiy qo‘mita binosida yashayotgan bu ayolning turmush tarzi bilan tanishdik. Bundan tashqari, uning qo‘shnilari bo‘lmish boshqa oilalarni qiynayotgan muammolarni, ularning taqdiri bir-biriga o‘xshashligini aniqladik.
Voqea 1999 yilga borib taqaladi. Hazorasp shaharchasidagi uylardan biri buzilib, 11ta oila vaqtincha yashab turish uchun Sharof Rashidov mahallasi, Nurli yo‘l ko‘chasidagi eski harbiy qo‘mita binosiga ko‘chiriladi. Ularga 1 – 1,5 yil ichida yangi uy berilishi va'da qilinadi.

64 yoshli Shukurjon Tillayeva va'daga ishonib, eski harbiy qo‘mita binosiga ko‘chib o‘tganlardan biri, u 44 yoshli o‘g‘li Rashid va 29 yoshli o‘g‘li Hamdam bilan qariyb 20 yildan beri 1 xona va dahlizdan iborat joyda yashamoqda.

«1999 yilda uyimiz buzildi. O‘rniga yangi uy berishni va'da qilib, bizni mana shu eski binoga ko‘chirib, olib kelishdi. 1 – 1,5 yilda yangi uyga ko‘chib o‘tishimizni aytishdi. Ammo, mana 20 yildirki xarobada yashayapmiz.
Ikki o‘g‘limni katta qilish uchun og‘ir kunlarni boshimdan o‘tkazdim. Hozir qandli diabet bilan xastaman, qon bosimim ham yuqori. Yaqinda insult bo‘ldim, shundan keyin, o‘rnimdan turolmay, to‘shakka mixlanib qoldim. O‘tirish-turishim, yeyish-ichishim, yotog‘im-turarim hammasi mana shu xonada.
Ikki o‘g‘limni oilali, bola-chaqali bo‘lishini istayman, biroq sharoit imkon bermaydi. Bir paytlar kattasini uylantirgan edim, ammo, kelin bu sharoitga chidamay, ketib qoldi», - dedi Shukurjon Tillayeva.

Onaxonning katta o‘g‘li Rashid bozorda aravakashlik qiladi, kichik o‘g‘li esa unga qarab, uyda o‘tiribdi. Og‘ir xasta onasini yolg‘iz tashlab ketolmaydi, chunki u alohida parvarishga muhtoj.






















