O‘zbekiston | 19:55 / 07.01.2019
7853
2 daqiqa o‘qiladi

Mehmonxonalarda transport xizmatlarini ko‘rsatish tartibi soddalashtiriladi

Foto: Pixabay

Mehmonxonalarda sayyohlar uchun transport xizmatlarini ko‘rsatish tartibi soddalashtiriladi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Axborot-tahlil markazi prezidentning yangi qaroriga asoslanib, Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

Yulduzli toifadagi mehmonxonalarning aksariyatida transport xizmatlari ko‘rsatiladi: aeroport, temiryo‘l/avtovokzaldan mehmonxonagacha va aksincha, shu bilan birga, turistik obektlarga. Ilgari bunday transport xizmatlarini ko‘rsatish uchun mehmonxonalardan litsenziya olish talab qilinar edi, endi bunday talab bekor qilinadi.  

  Shuningdek, aholi va xorijiy fuqarolarga shaharlararo tashuvlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya asosida mamlakat ichida nomuntazam yo‘nalishlar bo‘yicha avtobus yoki mikroavtobuslarda transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati ham soddalashtiriladi. Ularga shahar va uning  atrofi bo‘ylab tashuvlarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha litsenziya olish talabi bekor qilinadi. 

Bundan tashqari, bir mehmonxonaga qarashli har bir savdo nuqtasi uchun alkogol mahsulotlarni sotishga alohida ruxsat beruvchi hujjat talab qilinar edi. Yangi qaror bilan mazkur talab ham bekor qilinadi. Endi mehmonxona bir martalik ruxsat guvohnomasi asosida alkogol mahsulotlar sotuvlarini amalga oshiruvchi bar, mini-bar, kafe, restoranlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin bo‘ladi. 

 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid