O‘zbekiston | 12:07 / 10.01.2019
18851
17 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik ishlari va iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan kimlar ozod qilinishi belgilandi

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Sudlarda davlat bojini undirish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi”da e'lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining 2007 yil 25 dekabrda qabul qilingan O‘RQ–136-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi:

329 va 330-moddalar quyidagi tahrirda bayon etildi:

«329-modda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi:

1) da'vogarlar – ish haqini undirib olish to‘g‘risidagi da'volar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan;

2) da'vogarlar – alimentlar undirish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

3) da'vogarlar – mehnatda mayib bo‘lganligi yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda shikastlanganligi, shuningdek boquvchisi vafot etganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

4) da'vogarlar – noqonuniy hukm etish, jinoiy javobgarlikka tortish, ma'muriy jazo berish tufayli jismoniy shaxsga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq nizolar yuzasidan;

5) da'vogarlar – jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

6) yuridik va jismoniy shaxslar – alimentlarni undirishga doir fuqarolik ishlari bilan bog‘liq hujjatlarni ularga berganlik uchun;

7) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquqlari hamda manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga ariza bilan murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslar;

8) yuridik va jismoniy shaxslar – davlat ijrochisining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlar yuzasidan;

9) tadbirkorlik sub'yektlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlari hamda boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga murojaat qilganda;

10) iste'molchilar – o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq da'volar yuzasidan;

11) tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xavfsiz bo‘lishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari va iste'molchilarning jamoat birlashmalari – iste'molchilarning (iste'molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko‘zlab beriladigan da'volar yuzasidan;

12) da'vogarlar – o‘rmon daraxtlarini o‘zboshimchalik bilan kesish hamda o‘rmondan foydalanish, o‘rmonni qo‘riqlash va muhofaza qilishning tartibi va shartlarini boshqacha tarzda buzish tufayli o‘rmon fondiga yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan;

13) davlat organlari – o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan, shuningdek jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan, tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki o‘zga madaniy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulkni jismoniy shaxslar bu mol-mulkka xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lgan hollarda jismoniy shaxslardan davlat mulkiga olib qo‘yish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan;

14) O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari – palata a'zolarining manfaatlarini, o‘z manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar bo‘yicha, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan qilingan shikoyatlar yuzasidan;

15) nodavlat notijorat tashkilotlari – o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda;

16) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar bo‘yicha, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda;

17) nogironlarning jamoat birlashmalari, shuningdek ularning muassasalari, o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari – barcha da'volar yuzasidan;

18) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalari – pensionerlardan (nafaqa oluvchilardan) ortiqcha (noqonuniy) to‘langan pensiyalarning va nafaqalarning summalarini undirish bilan bog‘liq da'volar yuzasidan;

19) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning joylardagi organlari – ko‘chish joyiga bormagan yoki ko‘chib borgan joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etgan ko‘chirib keltiriluvchilarga nisbatan ko‘chish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning o‘rnini qoplash to‘g‘risida taqdim etilgan da'volar yuzasidan;

20) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning joylardagi organlari – atrof-muhitni ifloslantirganlik, tabiatdan o‘zboshimchalik bilan foydalanganlik va tabiiy resurslardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tartibi va shartlarini boshqacha tarzda buzganlik tufayli tabiiy obektlarga va komplekslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

21) O‘zbekiston Respublikasi Cuv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda ularning joylardagi organlari – suv to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik tufayli davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun mablag‘larni davlat daromadiga undirish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

22) sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish organi – majburiy sug‘urta operatsiyalari bilan bog‘liq ishlar yuzasidan;

23) qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi – investorlarning, qimmatli qog‘ozlar egalarining hamda davlatning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadidagi da'volar yuzasidan;

24) davlat soliq xizmati organlari, moliya va bojxona organlari – barcha ishlar hamda hujjatlar yuzasidan, shuningdek alohida yuritiladigan ishlar bo‘yicha sudga arizalar berganlik uchun;

25) ichki ishlar organlari – alimentlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxslarni qidirish uchun qilingan xarajatlarni undirish to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan;

26) prokuratura organlari – davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;

27) adliya organlari – davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;

28) undiruvchi yoki davlat ijrochisi – qonunda nazarda tutilgan taqdirda, qarzdorni yoki uning mol-mulkini qidirish bo‘yicha xarajatlarning o‘rnini qarzdor tomonidan qoplash to‘g‘risidagi ishlar yuzasidan;

29) O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi – intellektual mulk obektlariga nisbatan huquq egalarining huquqlarini himoya qilishni ko‘zlab qilinadigan da'volar yuzasidan;

30) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari – fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar yuzasidan, shuningdek fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan shikoyatlar yuzasidan;

31) O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari – qo‘mita vakolatlariga muvofiq sudlarga beriladigan da'volar va arizalar yuzasidan;

32) mulkdorlar – xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risida davlat organlari va boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish haqidagi ishlar yuzasidan;

33) yakka tartibdagi quruvchi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish chog‘ida buyurtmachining vazifasi qonun hujjatlariga muvofiq qaysi yuridik shaxsning zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs – qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish masalalari yuzasidan yakka tartibdagi quruvchilar bilan nizolarni hal etish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha;

34) qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun imtiyozli kreditlar berish qonun hujjatlariga muvofiq qaysi tijorat banklarining zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha tijorat banklari – qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan imtiyozli ipoteka kreditlari yuzasidan qarz oluvchilarning kreditorlik qarzlarini undirish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha;

35) xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari – ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

36) tadbirkorlik sub'yektlari – hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza berganda.

Ushbu modda birinchi qismining 8–10, 32–36-bandlarida ko‘rsatilgan shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi.

330-modda. Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish

Iqtisodiy sudlarda davlat bojini to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadi:

1) arizachi va javobgar – qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) o‘z ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar bo‘yicha;

2) da'vogarlar – o‘rmon daraxtlarini o‘zboshimchalik bilan kesish hamda o‘rmondan foydalanish, o‘rmonni qo‘riqlash va muhofaza qilish tartibi va shartlarini boshqacha tarzda buzish tufayli o‘rmon fondiga yetkazilgan zararni undirish to‘g‘risidagi, o‘rmon xo‘jaligi daromadi summalarini (shu jumladan, o‘rmon daraxtlarini o‘sib turgan joyida sotish qoidalarini buzganlik uchun zarar va neustoykani, shuningdek o‘zboshimchalik bilan o‘rmon daraxtlarini kesganlik, pichan o‘rganlik va mollarni o‘tlatganlik uchun jarimalarni) undirish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha;

3) O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari – palata a'zolarining manfaatlarini, shuningdek o‘z manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar yuzasidan;

4) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlar – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar bo‘yicha;

5) nogironlarning jamoat birlashmalari, shuningdek ularning muassasalari, o‘quv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari – barcha da'volar bo‘yicha;

6) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmalari – «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq pensiyalarni to‘lashga ketgan mablag‘larni tashkilotlardan undirib olish bo‘yicha da'volar, shu jumladan regress da'volar yuzasidan;

7) sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish organi – majburiy sug‘urta operatsiyalari bilan bog‘liq barcha ishlar bo‘yicha;

8) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda ularning joylardagi organlari – suv to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik tufayli davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun mablag‘larni davlat daromadiga undirish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha;

9) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning joylardagi organlari – atrof-muhitni ifloslantirganlik, tabiatdan o‘zboshimchalik bilan foydalanganlik va tabiiy resurslardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning tartib va shartlarini boshqacha tarzda buzganlik tufayli tabiiy obektlarga va komplekslarga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha;

10) O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari – qo‘mita vakolatlariga muvofiq sudlarga beriladigan da'volar va arizalar yuzasidan;

11) qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi – investorlarning, qimmatli qog‘ozlar egalarining hamda davlatning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadidagi da'volar bo‘yicha;

12) davlat soliq xizmati organlari, moliya va bojxona organlari – barcha ishlar hamda hujjatlar bo‘yicha, shuningdek alohida yuritiladigan ishlar bo‘yicha sudga arizalar berganlik uchun;

13) prokuratura organlari – davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;

14) adliya organlari – davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar hamda beriladigan arizalar yuzasidan;

15) undiruvchi yoki davlat ijrochisi – qonunda nazarda tutilgan taqdirda, qarzdorni yoki uning mol-mulkini qidirish bo‘yicha xarajatlarning o‘rnini qarzdor tomonidan qoplash to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

16) xalqaro va chet el hukumat moliya tashkilotlari tomonidan hukumatlararo kelishuvlar asosida berilgan kreditlar bo‘yicha asosiy qarzdor sifatida qatnashuvchi davlat organlari va tashkilotlari – subzayom oluvchilardan paydo bo‘lgan qarzdorliklarni undirish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

17) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha sotib oluvchi hisoblangan davlat organlari va tashkilotlari – yetkazib beruvchilar (pudratchilar) tomonidan shartnoma majburiyatlarining bajarilmaganligi bilan bog‘liq da'volar yuzasidan;

18) O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi – intellektual mulk obektlariga nisbatan huquq egalarining huquqlarini himoya qilishni ko‘zlab qilinadigan da'volar yuzasidan;

19) O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari – fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining manfaatlarini ko‘zlab qilingan da'volar yuzasidan;

20) arizachi va javobgar – huquqiy ta'sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha;

21) xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyatlari – ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan;

22) tadbirkorlik sub'yektlari – hakamlik sudining hal qiluv qarorlarini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish to‘g‘risida ariza berganda.

Ushbu modda birinchi qismining 21 va 22-bandlarida ko‘rsatilgan shaxslarning talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undiriladi».

Mavzuga oid