Jamiyat | 12:56 / 14.01.2019
6434
4 daqiqa o‘qiladi

«Harbiy qismlardagi eng namunali boshlang‘ich tashkiloti» tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining «Harbiy qismlardagi eng namunali boshlang‘ich tashkiloti» tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar ishtirokchilar o‘zaro bahs olib bordi.

Ikki bosqichda tashkil etilgan tanlovning dastlabki (hududiy) bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida dekabr oyida bo‘lib o‘tgan. Ushbu bosqichda Ittifoqning hududiy Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruh boshlang‘ich tashkilotlarga borgan holda, ularning faoliyatini o‘rganib, baholash mezonlari asosida saralandi.

Baholash natijalariga ko‘ra eng yaxshi deb topilgan bitta boshlang‘ich tashkilot tanlovning keyingi respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etildi. Ikkinchi bosqich respublika bosqichi hisoblanib, bu bosqich hududiy bosqichda g‘olib bo‘lib, keyingi bosqichga tavsiya etilgan boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasida o‘tkazildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tizimidagi vazirlik va idoralarning vakillaridan tuzilgan ishchi guruh (hakamlar hay'ati) tanlovning respublika bosqichi ishtirokchilarini baholab, mutlaq g‘oliblarni aniqlab berdi.

— Baholash mezonlariga asosida boshlang‘ich tashkilot yetakchisining 2018-yil davomida amalga oshirgan ishlari 20 ballgacha,ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va ma'naviy savodxonligi 30 ballgacha, notiqlik san'ati va yoshlarni o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyati 30 ballgacha va yetakchining tashabbuskorligi ya'ni yangi amalga oshiradigan loyihasining taqdimoti 20 ballgacha jami 100 ballik mezonda baholanadi, – deydi yetakchilar Kengashi raisi Sardorbek Abdusamadov.

Tanlovda 1-o‘rinni Farg‘ona viloyatidagi harbiy qismning boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Ziyodilla Tillaxo‘jayev, 2-o‘rinni Toshkent viloyatidagi harbiy qismning boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Anvar Qutlimurodov, 3-o‘rinni Xorazm viloyatidagi harbiy qismning boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Jo‘ra Rahmatov va Buxoro viloyatidagi harbiy qismning boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Ahad Makamov egalladi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqining «Harbiy qismlardagi eng yaxshi boshlang‘ich tashkiloti» tanlovining Respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari nomzodi «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni va boshqa davlat mukofotlariga tavsiya etiladi.

— Bugun harbiy qismlardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari o‘zaro bellashmoqda. Hakamlar hay'ati faoliyatimiz davomida ta'lim muassasalarida tashkil etgan tadbirlarimiz bilan alohida tanishib chiqmoqda. Jumladan, mahallalarda tashkil etgan musobaqalarimiz, umumta'lim maktablarida mardlik va jasorat darslarimiz, harbiylar va yoshlar o‘rtasidagi uchrashuvlar xolis baholanmoqda. Shuningdek, bugun har bir qatnashchi o‘z loyihasini taqdim etib, o‘zida mujassamlashtirgan notiqlik san'ati va yoshlarni o‘z ortidan ergashtira olish qobiliyati hamda tashabbuskorligini namoyon etadi, – deydi 1-o‘rin sohibi Farg‘ona viloyatidagi harbiy qism boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Ziyodulla Tillaxo‘jayev. —Men ham bu tanlovda «Harbiy oromgoh» nomli loyihamni taqdim etdim. Oromgoh harbiy qismlardagi bazalarda tashkil etilib, u tarbiyasi og‘ir, profilaktik hisobda turuvchi yoshlar, harbiylar va huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan iborat 100 nafar qatnashchilarga mo‘ljallangan. 12 kunlik oromgohda turli madaniy-ma'rifiy tadbirlar, psixologlar bilan yakka tartibdagi suhbatlar va turli sport musobaqalari tashkil etiladi.

Mavzuga oid