O‘zbekiston | 11:49 / 15.01.2019
14060
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda klaster usulida paxta yetishtirishni 52 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi tomonidan soha mutaxassislari va ekspertlarni jalb etgan holda tashkil qilingan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 25 yanvardagi qaroriga muvofiq, respublika hududlarida 16 ta paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil qilinib, ularga fermer xo‘jaliklarining qariyb 159 ming gektardan ortiq ekin maydoni biriktirildi. 2019 yilda respublika bo‘yicha klaster usulida paxta yetishtirishni kamida 52 foizga yetkazish uchun 48 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda soha mutaxassislari va ekspertlar tomonidan davlat rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda, g‘alla va meva-sabzavot klasterlari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish, uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, jumladan, kredit tizimini soddalashtirish, xarajatlarni subsidiyalash, yer ajratish bilan bog‘liq tartiblarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Urug‘chilikda asl navlarni yaratish maqsadida tajriba-seleksiya ishlarini tubdan rivojlantirish, urug‘chilik va seleksiya bilan shug‘ullanadigan institutlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, davlat-xususiy sheriklik asosida urug‘chilik klasterlarini tashkil qilish yuzasidan Fanlar akademiyasi olim-mutaxassislarining fikr va takliflari eshitildi.

Yig‘ilishda dolzarb vazifalardan biri sanalgan qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga yer berish tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha masalalar muhokama etildi.

Mavzuga oid