O‘zbekiston | 10:39 / 15.01.2019
10621
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni ma'lum qilindi

Foto: Fotolia

2019 yil 1 yanvar holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 7560 tani tashkil etdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2043 taga yoki 37,0 %ga o‘sgan. 

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, ushbu korxonalarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi, Turkiya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Koreya Respublikasi hissalariga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning 4006 tasi qo‘shma, 3554 tasi esa xorijiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri keladi. 

Hududlar kesimida, xorijiy kapital ishtirokidagi faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning asosiy qismi Toshkent shaharda 4728 ta (jamidagi ulushi 62,5%), Toshkent viloyatida 851 ta (11,3%) va Samarqand viloyatida 396 tani (5,2%) tashkil etgan. Eng kam xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar Xorazm viloyatida 71 ta (0,9%), Qashqadaryoda 85 ta (1,1%), Navoiy viloyatida 109 ta (1,4%) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi 121 tani (1,6%) tashkil etgan. 

Bu mazkur hududlarda xorijiy hamkorlar bilan ishlashni, investitsiyalar jalb etish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni yanada rivojlantirishni talab etadi. 

Agar faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ko‘rilsa, eng ko‘p sanoatda 2995 tani (39,6%), savdoda 1668 tani (22,0%) hamda boshqa faoliyat turlarida esa 1225 tani (16,2%) tashkil qilgan. Eng kamlari esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 97 tani (1,3%), axborot va aloqada 209 tani (2,8%), tashish va saqlashda 214 tani (2,8%) qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 339 tani (4,5%), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 325 tani (4,3%) va qurilishda 488 tani (6,5%) tashkil qilgan. Ko‘rinib turibdiki faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, eng kam ulush esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi. 

2018 yilning yanvar-dekabr oylarida xorijiy kapital ishtirokidagi yangi tashkil etilgan korxonalarning soni 2385 tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1522 taga ko‘paygan.

Bunda, Rossiya Federatsiyasi rezidentlari kapitali ishtirokida – 428 ta, Turkiya Respublikasi – 364 ta, Xitoy Xalq Respublikasi - 351 ta, Qozog‘iston Respublikasi – 246 ta, va Koreya Respublikasi – 161 ta korxonalar yangi ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, 2018 yil davomida Afg‘oniston Islom Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Germaniya Federativ Respublikasi, Ukraina, Ozarbayjon Respublikasi va boshqa davlatlar rezidentlari qo‘shma faoliyatga qiziqish bildirdilar.

Yangi tashkil etilgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak, asosan 728 tasi sanoat, 654 tasi savdo, 229 tasi qurilish, 190 tasi qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi va 297 tasi boshqa faoliyat turlari hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Mavzuga oid