O‘zbekiston | 11:15 / 15.01.2019
12529
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metropolitenining yer ustki liniyasi uchun vagonlar Rossiyadan sotib olinadi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Toshkent metropolitenining yer ustki liniyasi uchun harakatdagi sostav vagonlarini xarid qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilning 19 maydagi PQ-2979-sonli qaroriga muvofiq 2021 yilda bitkaziladigan «Toshkent shahrida yer ustki aylanma metropoliteni qurilishi» loyihasi amalga oshirilmoqda;

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan «Metrovagonmash» AJ (Rossiya) bilan o‘tkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida to‘rt vagonli tarkibdagi ikkita motorli bosh vagonlari bilan, bitta oraliq motorli va bitta oraliq motorsiz vagonlardan iborat beshta sostav xarid qilish to‘g‘risidagi Memorandum ahdlashuviga erishildi.

Loyihani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:

investitsiyalash davrida moliyaviy xarajatlar to‘loviga yo‘naltiriladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi rekonstruksiya va rivojlantirish Jamg‘armasining AQSh dollarida ekvivalent bo‘yicha 5 535,0 ming yevro miqdorida beriladigan krediti, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan 10 yil muddatli, shu jumladan 3 yil imtiyozli davrga tuzilgan import kontraktining 20 foizi to‘loviga yo‘naltiriladigan, foiz stavkasi 6 oylik LIBORni, 1,5 foiz yillik ustamani, shu jumladan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5 foizlik marjasini o‘z ichiga olgan kredit.

«Bank razvitiya i vneshneekonomicheskoy deyatelnosti» (Rossiya) davlat korporatsiyasining 22 140,0 ming yevro miqdordagi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan qayta moliyalashtiriladigan 10 yil muddatli, shu jumladan 3 yil imtiyozli davrga tuzilgan import kontraktining 80 foizi to‘loviga yo‘naltiriladigan, foiz stavkasi 2,5 foiz yillik ustamani, shu jumladan qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,5 foizlik marjasini o‘z ichiga olgan kredit.

Belgilab qo‘yilishicha:

loyihani amalga oshirish uchun, loyiha doirasida jalb etilayotgan kreditlarning maqsadli va samarali ishlatilishi uchun mas'ul ijro organi bo‘lib «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi rekonstruksiya va rivojlantirish Jamg‘armasidan va «Bank razvitiya i vneshneekonomicheskoy deyatelnosti» davlat korporatsiyasidan jalb etilgan kreditni so‘ndirish, foizlar, komission haq va ularga oid boshqa chiqimlar bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga quyidagilar bo‘yicha o‘rnatilgan tartibda davlat kafolatini taqdim etish vakolati beriladi:

tuzilgan kredit kelishuvi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining «Bank razvitiya i vneshneekonomicheskoy deyatelnosti» davlat korporatsiyasi oldidagi majburiyatlari bo‘yicha kredit ahdnomasida ko‘zda tutilgan shakldagi kafolati;

O‘zbekiston Respublikasi rekonstruksiya va rivojlantirish Jamg‘armasi va «Bank razvitiya i vneshneekonomicheskoy deyatelnosti» davlat korporatsiyasining kreditlarini qayta moliyalashtirish bo‘yicha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki oldidagi majburiyatlari bo‘yicha kafolati. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi rekonstruksiya va rivojlantirish Jamg‘armasi va «Bank razvitiya i vneshneekonomicheskoy deyatelnosti» davlat korporatsiyasiga qarz kelishuvida ko‘zda tutilgan shaklda taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi kafolati bo‘yicha huquqiy xulosa beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ushbu qaror asosida beriladigan kreditlarni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining kapitali adekvatligini aniqlashda hisobga olmaydi.
 
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘rnatilgan tartibda “Toshkent metropolitenining yer ustki liniyasi uchun harakatdagi sostav vagonlarini xarid qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitobini kiritadi.

Loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 iyuldagi PQ-3857-sonli “Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq soliq hamda bojga oid imtiyozlar va preferensiyalar qo‘llanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buyurtmalari asosida mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ buyurtmalari asosida mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishini va vaqtinchalik ro‘yxatga olish muddati uzaytirilishini davlat bojini undirmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

Ushbu qaror ijrosi ustidan nazorat olib borish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvining raisi A.J.Ramatov zimmasiga yuklatiladi.

Mavzuga oid