Jahon | 20:32 / 16.01.2019
9094
2 daqiqa o‘qiladi

Eron telekanali ayol boshlovchisining AQShda hibsga olinganini ma'lum qildi 

Eronning Press TV telekanali boshlovchisi Marhiz Hoshimiy AQShda hibsga olindi. Bu haqda telekanalning tvitterdagi sahifasida ma'lum qilindi.

“Bizga jurnalistimiz va boshlovchimiz Marhiz Hoshimiyning Vashingtonda ushlanib, hibsga olingani ma'lum qilindi”, deyilgan xabarda. Telekanalda boshlovchining ushlanishi sabablari noma'lumligi, unga qarshi ayblovlar bildirilmagani ma'lum qilingan.

Telekanalning ma'lum qilishicha, Hoshimiy 13 yanvarda Sent-Luis aeroportida (Missuri shtati) hibsga olingan. U bu yerga kasal akasini ko‘rgani Erondan kelgan. So‘ngra FQB xodimlari ayolni Vashingtondagi turmalardan biriga yetkazishgan.

Tasnim axborot agentligining xabar berishicha, ayolga halol va vegetarian yegulik berishdan bosh tortilmoqda va u hijobini yechishga majbur qilingan.

Press TV ingliz tilidagi xalqaro yangiliklar telekanali bo‘lib, Eron hukumati tomonidan moliyalashtiriladi. Telekanalning kommunikatsiyalar bo‘yicha sobiq direktori Shahob Musavatning aytishicha, Tehron telekanalga egalik qilmaydi va faqatgina unga homiylik qiladi. 

Hoshimiy 1959 yilda Yangi Orleanda protestant-afroamerikaliklar oilasida tug‘ilgan. Dastavval uning ismi Melani Franklin bo‘lgan, biroq Erondagi 1979 yilgi inqilobdan keyin u ismini o‘zgartirib, islom dinini qabul qilgan.

Yanvar boshida Eronda AQSh qurolli kuchlarining 46 yoshli faxriysi Maykl Uayt hibsga olingani ma'lum bo‘lgandi. Uning hibsga olinishi sababi ma'lum qilinmagan.

Eron tashqi ishlar vazirligi ayol jurnalistning AQShda hibsga olinishini noqonuniy deb atadi. 

“Bu inson huquqlarining yaqqol buzilishi bo‘lib, AQSh hukumati o‘z tanqidchilariga hujum qilishda qo‘llaydigan tamoyillarga o‘zi amal qilmasligini ko‘rsatadi”, deb aytgan Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Bahrom Qosimiy. Uning ta'kidlashicha, musulmon ayolga nisbatan “kamsituvchi va shafqatsiz” munosabat oq tanli bo‘lmagan fuqarolarga nisbatan aparteid rejimiga misol hisoblanadi.

Mavzuga oid