O‘zbekiston | 11:27 / 16.01.2019
4530
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda universitetlar xalqaro reytingini belgilash maqsadida anjuman bo‘lib o‘tdi 

Foto: Getty Images

2019 yilning 14-15 yanvar kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Birinchi «Universitetlar va xalqaro reyting: rivojlanish strategiyasi» (1st International Conference «Universities and International Rankings: Strategy Building») mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Anjumanni institut rektori O‘ktam ​ Umurzoqov boshqarib borish asnosida xalqaro konferensiyaning ilk marta tashkil etilayotgani, yuqori malakali mutaxassislarni, pedagog va ilmiy xodimlarni tayyorlash, ularni zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba bilan qurollantirish borasida katta ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi. Unda Quacquarelli Symonds, THE, Elsevier vakillari ham ishtirok etgan.

So‘ngra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov oliy ta'lim sohasida mamlakatning strategik maqsad va vazifalari yuzasidan taqdimot qildi. 

Keyin esa Buyuk Britaniya QSning hududiy direktori Zoya Zaytseva ma'ruza uchun so‘zga chiqib, universitetlarning umumjahon reytingiga kirishiga doir mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Rossiya fan va ta'lim vazirligi huzuridagi oliy ta'limda davlat siyosati boshqaruvining sobiq direktori o‘rinbosari Yelena Kolesnikova «5-100 loyihasi»ning mohiyati bo‘yicha ma'lumot berdi. 

QS (Quacquarelli Symonds) kompaniyasi ta'lim va mutaxassislik tarmog‘iga yo‘naltirilgan kompaniya bo‘lib, 1990 yilda Nunzio Kuakuyerelli tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qiziqishlari, mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan insonlarga o‘z yo‘nalishlariga mos keladigan OTMni tanlash uchun xizmat qiladi. Kompaniya har yili dunyo bo‘ylab eng yaxshi universitetlarning reytingini e'lon qiladi. Reytingni turli xil indikatorlar yordamida aniqlaydi.

QS hamda Times Higher Eduducation (THE) Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotchilarning maqolalari tahlilini qiladi.

Dunyoda ilmiy tadqiqot ishlarini elektron saqlash, ularni foydalanuvchilarga yetkazish uchun ko‘plab ma'lumotlar bazalari mavjud bo‘lib, ulardan jahonda e'tirof etilgan Web of Science, Elsevier, Springer kabi yetakchi kompaniyalar mavjud.

Elsevier ilmiy-texnik, tibbiyot sohasiga yo‘naltirilgan informatsion va analitik kompaniyadir. Kompaniya o‘z ichiga bir nechta ma'lumotlar bazalarini oladi. Bulardan, Scopus, ScienceDirect hamda Mendeley ma'lumotlar bazalarini misol qilib ko‘rsatish mukin.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid