Jamiyat | 15:15 / 18.01.2019
23443
6 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati surishtiruvchisi haqmi?

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, General-leytenant Po‘lat Bobojonov O‘zA'ga bergan intervyusida «Biz Internet tarmoqlarini muntazam ravishda kuzatib borib, ichki ishlar xodimlariga nisbatan bildirilgan har bir fikrning asosliligini tekshirib, sinchkovlik bilan o‘rganib boryapmiz. Safimizni nopok xodimlardan tozalashga qaratilgan tadbirlar kelgusida ham qat'iyat bilan davom ettiriladi» deya ta'kidlagan edi.

Ushbu suhbat e'lon qilingan ayni shu kunlarda tahririyatga kelib tushgan murojaatlardan biri e'tiborimizni tortdi. Unda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati surishtiruvchisining qonunlarga nisbatan bepisandlik bilan munosabatda bo‘layotganligi haqida bayon etiladi. 

Murojaatga ko‘ra, 2018 yil 22 noyabr kuni soat taxminan 21:00 larda Yunusobod tumanining Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Lacetti” rusumli, oq rangli davlat raqam belgisi 40 545 FBA bo‘lgan avtotransport vositasi harakatini o‘zgartirib, rulni o‘ng tomonga keskin burishi natijasida parallel harakatlanib ketayotgan “Spark” rusumli avtotransport vositasining yon tomoniga urilgan, tashqi kuch ta'sirida boshqaruvni yo‘qotgan “Spark” avtomashinasi o‘zining o‘ng tomonida harakatda bo‘lgan “Nexia 1” rusumli mashinaga urilgan.

Yo‘l transport hodisasi natijasida har uchchala avtomashina ham texnik shikastlangan. Hodisadan so‘ng 40 545 FBA bo‘lgan avtotransport vositasi haydovchisi barcha aybni to‘liq o‘z bo‘yniga olib, yetkazilgan zararni qoplab berish evaziga YHXXga xabar bermaslikni iltimos qilgan. Bunga ishongan “Spark” va “Nexia 1” avtomashinalarining haydovchilari uning ortidan ustaxona sari harakatlanishgan. Biroq shu vaqtda “Lacetti” haydovchisi qochib ketib, hodisa joyidan yashiringan.

Jabrlangan haydovchilar bergan xabar bo‘yicha, hodisa shu kuning o‘zida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan joyida o‘rganilib, chizmalar chizilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. “Spark” va “Nexia 1” avtomashinalari haydovchilarining haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yilgan va ish hujjatlariga qo‘shilgan.

To‘plangan hujjatlar Toshkent shahr IIBB Yo‘l harakati doirasidagi huquqbuzarliklar bilan kurashish bo‘limi surishtiruvchisi Salaxiyev Ravshan Toxirjonovichning ish yurituviga qabul qilib olingan va bugungi kunga qadar surishtiruv harakatlari davom etmoqda.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, hodisa sodir bo‘lganiga qariyb 2 oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay surishtiruv ishlari bugungi kunga qadar davom etmoqda, shikoyatning asosiy sababi ham shunda.

Vaholanki, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 305-moddasiga ko‘ra ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish mazkur ishni ko‘rib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari mazkur qoida Adliya vazirligida 2011 yil 5 iyulda 2240-son bilan ro‘yxatga olingan “Yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 27-bandida ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Murojaatda bayon etilishicha, surishtiruvning dastlabki bir oyida hodisa jabrlanuvchilari bir necha bor surishtiruv jarayonlariga jalb etilgan bo‘lishiga qaramay, huquqbuzarni topishning amaliy choralari ko‘rilmagan. Jabrlanuvchilarning surishtiruv jarayonlaridan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Toshkent shahar IIBBga yo‘llagan shikoyatlari ham samara bermagan.

Eng qizig‘i, dastlab surishtiruvchi 40 545 FBA davlat raqam belgisi registratsiyadan yechilgani va boshqa birorta avtotransport vositasiga qayta rasmiylashtirilmagani haqida ma'lumot bergan.

Biroq, “Spark” rusumli avtotransport vositasi haydovchisining mustaqil izlanishlari samara berib, 40 545 FBA davlat raqami berilgan avtomashinaning daragi chiqdi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu davlat raqam belgisi “QO’QON KARVON YO’LI” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli bo‘lgan, aynan oq rangli “Lacetti” rusumli avtomashinaga ramiylashtirilganligi aniqlangan.

Jamiyat rahbari bilan telefon orqali bog‘lanib, haydovchi haqida batafsil ma'lumotlar olingan. Jabrlanuvchi tomonidan huquqbuzarga oid to‘plangan barcha ma'lumotlar surishtiruvchi R.Salaxiyevga taqdim etilgan.

Shunga qaramay, surishtiruv organi tomonidan huquqbuzarni topish va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qaror qabul qilish choralar ko‘rilmagan.

Shu o‘rinda, qator savollar tug‘iladi, haqiqatdan ham ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish MJtKda belgilangani kabi 15 kun ichida ko‘rib chiqilishi kerakmi, balki surishtiruvchida istisno holatlarda surishtiruv muddatini bir yarim yoki ikki oygacha uzaytirish huquqi bordir, hikoyamizda qalamga olingan vaziyatda ham surishtiruv shuncha muddatga cho‘zilishi asoslimikin?

Balki, surishtiruvchi allaqachon tegishli qarorni qabul qilib ham bo‘lgan, faqat jabrlanuvchilar bundan bexabar qolib ketgandir. Yana kim bilsin...

Dilshod Abduqodirov, huquqshunos

Mavzuga oid