Sport | 15:30 / 22.01.2019
35911
2 daqiqa o‘qiladi

Jaloliddin Masharipov: «Arab klublarining manfaatli takliflariga qaramay, Yevropaga ketmoqchiman»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov Osiyo Kubogidagi ishtirok va kelgusi faoliyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Uning so‘zlarini O‘FA matbuot xizmati e'lon qilgan.

“Osiyo Kubogida chiroyli o‘yin namoyish qilib, muxlislarni xursand qilmoqchi edik. Asosiy maqsadimiz bosh sovrinni yurtimizga olib kelish edi. Afsuski, bu natijaga erisha olmadik. Lekin yomon o‘ynamadik, deb hisoblayman. Yaponiya, Avstraliya kabi terma jamoalarga munosib qarshilik ko‘rsatdik. Muxlislarga ham o‘yinimiz yoqdi, deb o‘ylayman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab ijobiy fikrlarni qabul qilyapmiz. Bizni musobaqa davomida qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga minnatdorchilik bildiramiz. Endilikda Jahon chempionati saralashida ijobiy natija qayd etib, xalqimizning azaliy orzusini amalga oshirishga intilmoqchimiz. Umid qilaman, buning uddasidan chiqa olamiz.

O‘zimning kelgusi faoliyatimga keladigan bo‘lsak, “Paxtakor” bilan shartnomam yakuniga yetgan. Endilikda faoliyatimni xorijda davom ettirmoqchiman. Hozirda bir-ikkita klublardan takliflar bor. Eng katta orzum – Yevropa klublarida to‘p surish. Yevropada futbolchi yanada o‘sish imkoniga ega bo‘ladi. To‘g‘ri, arab klublari moliyaviy tarafdan yaxshi taklif berishadi. Lekin men arab klublariga o‘tmoqchi emasman.

Mening eng katta tanqidchim – akam. Doimo mening o‘yinlarimni kuzatib, kamchiliklarimni aytib turadi. Hech qachon meni o‘zimga maqtamagan. Akam ham faoliyatimni Yevropada davom ettirishim tarafdori. Garchi Yevropa klublari taklifi moliyaviy jihatdan kamtarroq bo‘lsa-da, men Yevropaga ketmoqchiman. Yevropada to‘p surib, milliy terma jamoamizning Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga yordam bermoqchiman”, - deydi Masharipov.

Mavzuga oid