Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov JCh-2026 saralashi doirasida Qirg‘izistonga qarshi kechgan o‘yinning 24-daqiqasida raqib himoyachisi Said Datsiyevga ko‘rsatilgan qizil kartochkani ko‘rmay qolgan. U bu haqda 90minutUz podkastida aytib o‘tgan.

Futbolchi o‘yin davomida hujumchilar qarshisida ikki raqib paydo bo‘lgani va bu muammo tug‘dirgani haqida gapirgan. Boshlovchi Qirg‘izistonning qizil kartochkasi O‘zbekistonning zarariga ishlagani, shundan keyin raqib chuqur himoyaga yotib olgani haqida gapirganida futbolchi bunga qo‘shimcha qilib, shunday degan: 

«Bitta narsani aytaman, 86-daqiqada zaxiraga olinganimdan keyin o‘tirsam, Hojimat Erkinov aytib qoldi, «aka, yaxshiyam ular qizil oldi» deb. Men hayron qoldim «kim qizil oldi?» deb To‘g‘risi, bilmadim ham, ko‘rmadim ham, o‘sha paytda tepaman deb yotib qolganimda ko‘rmay qolgan ekanman.

O‘yindan keyin dushda turganimizda Eldorga aytdim, «ular o‘yinda qizil olgan ekan» desam, u ham hayron qoldi, «kim qizil oldi, qachon qizil olibdi?» deb. Biz o‘n birga o‘n bir o‘ynadik deb o‘ylagandik. Men ham bilmagan ekanmiz».

Shu vaqtda boshlovchilardan biri tanaffus vaqtida bosh murabbiy qizil kartochkadan kelib chiqqan holda taktikani o‘zgartirmadimi deb savol qo‘ygan.

«Qizil haqida gap bo‘lmadi, Temur aka nimalarnidir aytdi, lekin qizil bo‘lganini hech kim aytmadi. Men zaxiraga olinganimdan keyin bildim, Eldor o‘yin tugaguncha bilmagan ekan, o‘yindan keyin, dushda bildi.

Agar o‘yin vaqtida bilganimizda bo‘shashardik. Agar bilganimda Temur akaga bir himoyachini olib tashlab, hujumchi tashlashni aytardim», degan futbolchi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatuvning shu qismi videosi tarqalib, keng muhokama qilinmoqda. O‘yinni tribunalarda o‘tirib jonli kuzatgan ko‘plab muxlislar ham qizil kartochka ko‘rsatilganini keyinroq bilishgani, o‘zbekistonlik futbolchilar o‘sha vaziyatda penalti bilan chalg‘ib, qizil kartochkani e’tiborsiz qoldirishgani, hakam qizil kartochkani VAR tekshiruvidan keyin ko‘rsatgani ham bunga sabab bo‘lganini aytishmoqda.

Shu bilan birga, hech bo‘lmaganda kiyim almashtirish xonasida bu haqda gaplashilmaganiga, murabbiy bu haqda aytmaganiga ishonmasdan, zaharxanda qilayotganlar ham bor.

Shuningdek, ayrimlar futbolchilarni e’tiborsizlik uchun ayblagan.