O‘zbekiston | 15:24 / 22.01.2019
14615
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda savdo tushumlarini aniqlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan insofli tadbirkorlarni rag‘batlantirish, sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish hamda iste'molchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan noqonuniy savdo faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida keng qamrovli monitoring o‘tkazilmoqda.

Jumladan, poytaxtning «O‘rikzor», «Chilonzor buyum bozori», «Qatortol» savdo kompleksi va «Chorsu» bozorlarida o‘tkazilgan monitoring jarayonida 127 holatda to‘lov terminallaridan foydalanmaslik, 104 holatda nazorat kassa mashinalarini ishlatmaslik, 77 holatda hujjatsiz faoliyat yuritayotganligi va 3 holatda iste'molchilarga sifatsiz mahsulotlar sotilayotganligi aniqlangan.

«O‘rikzor» bozorida 13 nafar tadbirkorning faoliyatida o‘tkazilgan xronometraj (ko‘zdan kechirish) tadbirida joriy yil yanvar oyining o‘tgan 20 kunida o‘rtacha tushum 14,6 mln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘rganish kunida bir kunlik tushum 112,5 mln. so‘mni ya'ni, oldingi kunlarga nisbatan qariyb 8 baravarga oshdi. Masalan, ushbu hududda savdo faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkor O.S. bank kassasiga kuniga o‘rtacha 551,1 ming so‘m savdo puli topshirib kelgan bo‘lsa, xronometraj ko‘zdan kechirish tadbiri o‘tkazilgan kuni tushum 8030,3 ming so‘mni tashkil etib, oldingi kunlarga nisbatan 15 baravarga oshgan.

To‘lov terminali va nazorat kassa mashinalarini belgilangan tartibda ishlatmaganlik uchun Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan eng kam oylik ish haqining 30 baravaridan 50 baravarigacha, to‘lov terminali orqali to‘lovlarni qabul qilishni rad etish eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida hamda Soliq kodeksining 114-moddasiga asosan, savdodan tushgan naqd pul mablag‘larini bank kassalariga topshirmaslik, yashirilgan summaning 20 foizi miqdorida jarima hamda soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, deb baholanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid