O‘zbekiston | 20:57 / 24.01.2019
5155
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dunyoga mashhur sirklarning gastrollari tashkil etiladi

Foto: mos.ru

Vazirlar Mahkamasi “O‘zbek sirk san'atini yanada rivojlantirish va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qaror bilan 2019-2020 yillarda o‘zbek sirk san'atini yanada rivojlantirish hamda “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

sirk dasturlari va tomoshalarining badiiy saviyasini oshirish hamda 2020 yilga qadar tomoshalar sonini kamida 500 tagacha, 2022 yilga qadar esa — 1000 tagacha yetkazish;

2019 yil yakuniga qadar sirk zalining tomoshabinlar bilan to‘lish darajasini kamida 60 foizga va 2022 yilga borib 75 foizga yetkazish;

“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining daromadlar manbalarini kengaytirish maqsadida eng tomoshabop sirk dasturlarini sahnalashtirgan malakali ijodiy jamoalar (truppa)ning xorijiy davlatlarga gastrol safarlarini uyushtirish;

teatr, kino, estrada va boshqa san'at turlarini, zamonaviy yoritish va musiqali maxsus effektlarni qo‘llagan holda sifat jihatdan butunlay yangi sirk dasturlarini yaratish;

mashhur xorijiy sirk tashkilotlarini, shu jumladan, Fransiyaning “Cirque du Soleil”, Xitoyning “Chang Long” xalqaro sirki, Rossiyaning Tsvetnoy bulvardagi “Moskva sirki”, “Moskva katta sirki” va boshqa shu kabi sirklarning gastrollarini respublikamizda muntazam ravishda tashkil etish;

dunyoning mashhur sirk artistlari va mutaxassislarini respublikamizga taklif etgan holda master-klass, trening va tajriba almashish;

sirk sohasini malakali kadrlar va yetuk mutaxassislar bilan ta'minlash maqsadida “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi xodimlarini xorijiy davlatlarning sirk yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish hamda ularning malakasini oshirish;

“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasida namoyish etiladigan sirk dasturlari va tomoshalarini Internet tarmog‘i orqali pulli asosda masofadan onlayn tomosha qilish imkonini yaratish.

Shunday tartib o‘rnatildiki, unga muvofiq:

“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasining rahbariga mazkur muassasada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ijodiy (artist) xodimlar va mutaxassislarga, ayniqsa ishlab chiqarish xodimlariga ularning lavozimi va malakasiga, bajaradigan ishining murakkabligi va xavflilik darajasiga ko‘ra, muassasaning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan bazaviy tarif stavkasi va lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash huquqi beriladi;

Monte-Karlo va Budapesht xalqaro sirk festivallarida 1, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi ijodiy jamoasining har bir a'zosi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 100 baravari, 80 baravari va 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan moddiy rag‘batlantiriladi.

Qaror bilan 2021 yildan boshlab Toshkent shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro sirk san'ati festivalini o‘tkazish belgilandi.

Mavzuga oid