O‘zbekiston | 20:15 / 24.01.2019
4468
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Farg‘ona va Xiva shaharlarida yarim statsionar sirklar tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasi “O‘zbek sirk san'atini yanada rivojlantirish va “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 aprelga qadar “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasini ishonchli boshqaruvga topshirish yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida investorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga berishning tashkiliy-huquqiy masalalarini o‘rganib chiqqan holda takliflar ishlab chiqiladi.

Takliflarda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:

“O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasini investorlarga, shu jumladan xorijiy investorlarga berish orqali mamlakatimizda sirk san'atini ilg‘or xorijiy mamlakatlar sirklari darajasiga ko‘tarish;

investorlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish orqali ularning orasidan eng salohiyatlilarini tanlab olish.

Qaror bilan Madaniyat vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklarining Samarqand, Farg‘ona va Xiva shaharlarida davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida 500-700 o‘ringa mo‘ljallangan yarim statsionar sirklarni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Hujjatga muvofiq, Madaniyat vazirligi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda - davlat xususiy-sheriklik shartlari asosida yarim statsionar sirklarni tashkil etish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida texnik, moliyaviy va boshqa shartlarni inobatga olgan holda tegishli hujjatlarni ishlab chiqadi hamda uch oy muddatda - xususiy sheriklarni aniqlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazadi.

Mavzuga oid