Jamiyat | 16:49 / 26.01.2019
2452
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘zstandart» «Halol» belgisi bo‘yicha mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirishda Indoneziya bilan hamkorlik qiladi

Dunyoda “halol turizmi”, “islom turizmi” yoki “ziyorat turizmi” keskin rivojlanayotgan ayni vaqtda “Halol” standartining o‘rni ham shu darajada oshmoqda. Bu belgini mamlakatimizda rivojlantirish uchun O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi bilan birgalikda joriy yilning 18-21 yanvar kunlari Indoneziyaga “O‘zstandart” agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Buxoro viloyati departamenti vakillarining tashrifi amalga oshirildi. 

Tashrif davomida delegatsiya Indoneziya Milliy standartlashtirish tashkiloti (BSN), Indoneziya Ulamolar Kengashining Halol sertifikatlashtirish agentligi, Din ishlari vazirligi qoshidagi “Halol” mahsulotni kafolatlash agentligi vakillari, hamda O‘zbekistonning Indoneziyadagi turizm elchisi maqomini olgan Gunadarma universitetining rektori E.Margianti bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida mezbonlarga mamlakatda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya, akkreditatsiya va xalqaro hamkorlik sohalarida olib borilayotgan ishlar, tizimdagi islohotlar haqida ma'lumot berildi. Shu bilan birga, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-sotiq, turizm, va boshqa istiqbolli imkoniyatlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.

Indoneziya Milliy standartlashtirish tashkilotining bosh direktori doktor Bambang Prasetya “hozirgi kunda O‘zbekiston, Indoneziya uchun an'anaviy bozor emas, biroq kelajakda bizning ishbilarmonlar uchun bu davlat bozori istiqbolga ega bozordir. "O‘zstandart" agentligi bilan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)da standartlarni ishlab chiqish masalalarida hamkorlik olib bormoqdamiz. Ziyorat turizmi sohasida “Halol” standartini joriy etish ko‘plab indoneziyaliklar uchun qulaylik yaratadi. O‘zbekiston biz uchun Indoneziyani Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prik bo‘ladi”, deya ta'kidlab o‘tdi.

Tadbir davomida ikki davlat o‘rtasida eksportni rivojlantirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, metrologiya, standartlashtirish va akkreditatsiya sohalarida tizimli aloqalarni o‘rnatish maqsadida "O‘zstandart" agentligi va Indoneziya standartlashtirish tashkiloti ekspertlari o‘rtasida kelishuv bitimi hamda hamkorlik dasturi loyihalari ishlab chiqildi.

Indoneziya Ulamolar Kengashining Halol sertifikatlashtirish agentligi raisi doktor Luqmon Hakim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, O‘zbekistonda SMIIC tashkiloti standartlari talablari asosida ishlab chiqilgan “Halol” standartlari va bu sohada respublikamizda olib borilayotgan ishlar, halol oziq-ovqat, halol turizm, halol tibbiyot kabi sohalarni zamonaviy texnologiyalar yordamida asl qiyofasini yo‘qotmagan holda rivojlantirish, ushbu sohadagi mas'ul xodimlar uchun standartlar va sertifikatlashtirish talablari bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish, yuqori tajribaga ega bo‘lish kun mavzusiga aylandi.

Ushbu agentlikka O‘zbekistonda, xususan, Buxoro viloyatida musulmon sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar va ziyorat turizm sohasini rivojlantirishda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, shu jumladan, Buxoro viloyatida Indoneziya Halol sertifikatlashtirish agentligi bilan birgalikda “Umra+” dasturi orqali yurtimizga tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga halol turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ishlarini yo‘lga qo‘yish, Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi qoshida qo‘shma sertifikatlashtirish idorasi hamda sinov majmuasini tashkil etish, ushbu sohada xodimlar malakasini oshirish masalasi muhokama etildi.

Indoneziya davlati bilan xalqaro standartlar va muvofiqlikni baholash sohasida ikki tomonlama aloqalar o‘rnatish maqsadida Bogor shahrida joylashgan Indoneziya Ulamolar Kengashi huzuridagi turizm va xizmatlarni sertifikatlashtirish idorasi, Indoneziya Respublikasining Din ishlari bo‘yicha vazirligi huzuridagi Halol mahsulotlarni sertifikatlashtirish agentligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida Indoneziya Respublikasiga halol standartlar va sertifikatlashtirish ishlarida olib borilayotgan yangi islohotlar, sertifikatlashtirish idoralari va sinov laboratoriyalari faoliyati bilan tanishildi.

Sinov laboratoriyalari mustaqil va shu bilan birga boshqa milliy akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar bilan ham aloqa qilishi aytib o‘tildi. Sinov laboratoriyasi ISO 17025, sertifikatlashtirish idorasi SNI ISO/IEC 17065 standartlari talabi asosida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Akkreditatsiya ishlari Indoneziya Milliy Standartlashtirish tashkiloti (BSN) huzuridagi Milliy Akkreditatsiya idorasi (KAN) tomonidan olib boriladi.

Halol sinov laboratoriyasi ishlarida kerak bo‘lgan uskunalar ro‘yxati shakllantirildi. “O‘zstandart” agentligi tomonidan Halol sinov laboratoriyasi uchun shakllantirilgan uskunalar ro‘yxatida to‘la o‘xshashlik kuzatildi. Sertifikat ishlarini rasmiylashtirish jarayonlari o‘rganildi. Indoneziya Ulamolar kengashi huzuridagi Oziq ovqat, dori vositalari va kosmetika mahsulotlarini baholash instituti tomonidan 2018 yilda halol standartlari talablari asosida sertifikatlashtirilgan korxonalar ro‘yxati olindi. Kengash huzuridagi sinov majmuasi o‘z ishini 6 yanvar 1989 yilda boshlagan. Institut tomonidan olingan ma'lumotga ko‘ra 2018 yilda 11249 korxona Halol sertifikatiga ega bo‘lgan.  

Foto: O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi

O‘zbekistonda ham ushbu sohada olib borilayotgan ishlar, ayniqsa Buxoro viloyatida Indoneziya va Malayziya davlatlaridan ko‘p sayyohlar kelishayotganligini inobatga olib, viloyatdagi 10 ta mehmonxonalarni MS 2610 Halol standarti "Muslim friendly" asosida sertifikatlashtirish, O‘zbekistonda qo‘shma sinov laboratoriyasi va sertifikatlashtirish idorasini ochish taklif berildi. Halol infratuzilmani rivojlantirish, xodimlar malakasini oshirish, auditlarda ishtirok etish, Indoneziya tomonidan malakali ekspertlar ajratilishiga, online webinar seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.   

Foto: O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi elchixonasi
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid