Light | 18:39 / 29.01.2019
135780
9 daqiqa o‘qiladi

Eng boy davlat rahbarlari kimlar?

Foto: Politeka

Davlatlar rahbarlari – prezidentlar, bosh vazirlar, podshohlarning ham o‘z hayoti bor. Har bir inson singari ular ham shaxsiy mablag‘lariga ega. Davlat rahbarlari orasida milliarderlar ham talaygina.

Bugungi ro‘yxatni shartli ravishda ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchi toifa vakillarining boyliklari rasman tan olingan, bu boradagi reytinglarga kirgan, o‘zlari ham shuncha boyliklari borligini rad etishmaydi. Bundaylar odatda davlat boshqaruviga kirishgunlaricha katta miqdorda davlat orttirishga ulgurishgan yoki hokimiyat tepasidagi sulolaning navbatdagi vakillari bo‘lishadi.

Ikkinchi toifa vakillari hokimiyatni o‘z qo‘llariga olganlaridan keyin boylik orttirganlardir. Ular tasarrufidagi mablag‘lar haqida faqat taxminlar bor. Bunday davlat rahbarlarining o‘zlari odatda bu mavzuni izohlamaydi yoki rad etadi.

Quyidagi ma'lumotlarni aniq tekshirish imkoni yo‘q, barchasi ochiq manbalarga asoslangan.

8. Donald Tramp, AQSh. 3,1 mlrd dollar

Foto: Politico

AQSh prezidenti nafaqat boyligini yashiradi, balki zo‘r berib ko‘z-ko‘z qilishni xush ko‘radi. U bir vaqtlar 10 mlrd dollar boyligi borligini e'lon qilgan. Hozirda prezident uchun mo‘ljallangan yillik 400 ming dollardan budjet uchun voz kechib, ramziy 1 dollar haq oladi. Tramp AQShning eng boy prezidenti sifatida tarixga kirgan.

Hozirda so‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra uning tasarrufida 3 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ jamlangan.

7. Shayx Ol Soniy, Qatar amiri. 8-10 mlrd dollar

Qatar amiri, shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bu davlatning to‘rtinchi amiri hisoblanadi va 2013 yilda otasi o‘g‘li foydasiga taxtdan voz kechganidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan. O‘sha paytda 33 yoshda bo‘lgan shayx eng yosh monarx va eng yosh davlat rahbarlaridan biri edi. Turli ma'lumotlarga qaraganda, amirning boyligi 8-10 mlrd dollarni tashkil qiladi. Uning boshqaruvida Qatar Investment Authority guruhi juda ko‘p sohalarga investitsiya kiritgan.

6. Villem-Aleksandr, Niderlandiya qiroli. 12 mlrd dollar

Foto: Marie Claire

Garchi Niderlandiya qirolligida konstitutsion monarxiya hukm sursa-da, mamlakatning yettinchi qiroli Villem-Aleksandr Klaus Georg Ferdinandning boyligiga havas qilsa arziydi. U 2013 yilda o‘z onasi, qirolicha Beatriksning taxtdan o‘z o‘g‘li foydasiga voz kechishi ortidan qirolga aylangan. Xalqaro maydonda ham qirolning nufuzi baland.

5. Muhammad ibn Rashid Ol Maktum, Dubay amiri. 5-30 mlrd dollar

Dubay amiri bir vaqtda BAAning vitse-prezidenti, bosh vaziri ham hisoblanadi. Uning va ulkan oilasining boyligi haqida turli ma'lumotlar bor. Ayrimlarida amirning 5 mlrd dollarlik davlati haqida gapirilsa, boshqa hisob-kitoblarga ko‘ra Ol Maktum va oilasi 30 mlrd dollarlik boyliklarni tasarruf etishi ma'lum qilinadi. Nima bo‘lganda ham amir juda badavlat va o‘z amirligining bosh shahri – Dubayni ertaklar hamda hashamat maskaniga aylantira olgan.

4. Xalifa Nahayyon, BAA prezidenti. 15-35 mlrd dollar

Foto: John Stillwell — Pool/Getty Images

Ko‘pchilik Dubayni amirliklarning poytaxti, bosh shahri deb o‘ylaydi. Aslida unday emas, Dubay BAA eng gavjum, sayyohlar eng ko‘p tashrif shahri bo‘lsada, davlat Abu-Dabi shahridan turib boshqariladi. Dubay amiri Ol Maktum ham Xalifa Nahayyonga bo‘ysunadi. Mamlakatning prezidenti bir vaqtda Abu-Dabi amiri hamdir. Uning boyligi bo‘yicha ham turli taxminlar bor – lekin amir eng kamida 15 mlrd egasidir.

3. Hassan al Bolkiah, Bruney sultoni. 30-35 mlrd dollar

Foto: Ahim Rani / Reuters

Mittigina davlat sultoni bir vaqtlar dunyoning eng boy odami degan nomni uzoq yillar saqlab turgan. IT-texnologiyalar boylari davrida ham Hassan al Bolkiah o‘zining 30 mlrd dollardan ortiq boyligi bilan hamon yetakchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Bruneyda og‘ir jinoyat qilganlarga jazo tariqasida fuqarolikdan chiqarish va badarg‘a qilish jazosi qo‘llaniladi. Bu esa yayrab-yashnab, g‘am-tashvishsiz yashashdan mahrum bo‘lmoq demakdir.

Sultonning umumiy maydoni 200 ming kvadrat metrlik ulkan saroyi va 6 ming donadan ortiq qimmatbaho avtomobillar jamlangan avtoparki mavjud.

2. Salmon ibn Abdul-Aziz Ol Saud, Saudiya Arabistoni podshohi. 40-50 mlrd dollar

Foto:  AP / Yoan Valat

Saudlar sulolasining navbatdagi vakili ixtiyorida ham ulkan boylik jamlangan. Umuman, bu davlat podshohlari hech qachon o‘z boyliklari va davlat boyligini ajratib o‘tirishmagan. Arab davlatlarining norasmiy yetakchisi bo‘lgan Saudiya Arabistonining xalqaro maydonda ham nufuzi baland. Salmon ibn Abdul-Aziz Ol Saud so‘nggi yillarda rasman podshoh bo‘lsada, mamlakat boshqaruvi tizginini o‘z o‘g‘li, valiahd shahzoda Muhammad Ol Saudga topshirgan.

1. Yelizaveta II, Buyuk Britaniya qirolichasi. 35 - 75 mlrd dollar

Foto: Reuters

Ramziy bo‘lsa-da, nafaqat Buyuk Britaniya, balki Shimoliy Irlandiya, Kanada, Yangi Zelandiya kabi davlatlarning ham rahbari hisoblanadigan Yelizaveta II hashamat va boylik ramzi bo‘lgan Londonda yashaydi. Uning oilasi ixtiyorida turli ma'lumotlarga qaraganda 35 - 75 mlrd dollar mavjud. Ayrim nashrlar bu mablag‘ni yanada oshirib, qirolicha va uning oilasi tasarrufidagi boylik miqdorini 88 mlrd deb ko‘rsatishadi. Aniq hisob-kitoblar yo‘qligining sababi ma'lum. Chunki mamlakat va dominionlardagi juda ko‘p narsalar ramziy bo‘lsada, rasman qirolichaga tegishli hisoblanadi. Masalan, Temza daryosida suzuvchi barcha oqqushlar, shuningdek, davlat hududidagi barcha delfinlar qirolicha mulki ekanligi qonun tomonidan mustahkamlangan.

Qirolicha va uning oilasining xarajatlari davlatga katta zarar keltiradi, deb fikrlaydiganlar yanglishadilar. Aynan shu oilaga qiziqish ortidan turizm rivojlanib, xazina har yili taxminan 2 mlrd dollar daromad ko‘radi.

Yuqoridagilar mablag‘lar miqdori aniq hisoblangan bo‘lmasada, rasmiy ma'lumotlardir. Ammo dunyoda shunday davlatlar rahbarlari ham borki, ularning boyligi bo‘yicha turli-tuman va tasdiqlanmagan axborotlar yuradi. Ularga ishonilsa, Misrning sobiq prezidenti Husni Muborakda 75 mlrd dollar boylik bo‘lgan. Ammo rasman 800 dollar maosh olgan prezident buni rad qilgan.

Liviyaning marhum rahbari Muammar Qazzofiyning esa 150-170 milliard dollarlik davlati borligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar tarqatilgan. Bu boradagi savollarga Qazzofiy «Mening o‘tovimdan boshqa boyligim yo‘q. Nimaiki bo‘lsa, barchasi xalqimniki» deya javob bergan.

Ammo ma'lumotlar va bunday taxminlarning eng qizig‘i Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomi bilan bog‘liq. Muxolifatchi ekspertlar Putin ixtiyorida 200 mlrd dollardan ortiq mablag‘ jamlanganini ta'kidlashadi. U bu boylikka «Surgutneftegaz», «Gazprom» kabi yirik kompaniyalarga o‘z odamlarini tayinlash orqali erishgani aytiladi.

Rossiya prezidenti kutilganidek bunday ma'lumotlarga parvo qilmaydi. Intervyulardan birida u «eng katta boylik mana shu xalqim» deya ta'kidlagan. Putin yiliga rasman 150 ming dollar maosh oladi. Soliq deklaratsiyasiga ko‘ra, Rossiya prezidenti 1500 kv.m yer maydoniga, 153 kv.m va 77 kv.m li ikkita kvartira, ikkita garaj, «Volga» GAZ-21 va «Niva» avtomobillariga ega.

Foto: AR/TASS

Mavzuga oid: Urugvayning 2010-2015 yillardagi prezidenti Xose Muxika o‘ta kamtarona hayot kechirishi bilan nom qozongan. U prezidentlik maoshi bo‘lgan 12 500 AQSh dollardan o‘n foizi – 1250 dollarni o‘z tirikchiligi uchun olib qolib, qolganini xayriya uchun sarflagan. Prezidentligi davomida eng katta xaridi 1495 dollarlik eski «Folksvagen Qo‘ng‘iz» avtomobili bo‘lgan. Davlat rahbari bo‘lishiga qaramay, prezidentlik saroylaridan voz kechib, poytaxt yaqinidagi eski fermada yashagan.

Abror Zohidov tayyorladi

Mavzuga oid