U bir vaqtlar 10 mlrd dollar boyligi borligini e'lon qilgandi. Shuningdek, AQSh prezidenti uchun mo‘ljallangan yillik 400 ming dollardan xayriya foydasiga voz kechib, ramziy 1 dollar uchun ishlaydi. U tarixga AQShning eng boy prezidenti sifatida kirgan.

Bu ta'riflarning egasini yaxshi bilasiz – AQShning amaldagi prezidenti, milliarder Donald Tramp.

Juda ko‘pchilik Trampning muvaffaqiyat siriga qiziqadi. Uning o‘zi muvaffaqiyat kaliti sifatida yaxshi oilada tug‘ilish va voyaga yetishni ko‘rsatadi. Lekin Donald Trampning olamshumul shuhrat qozonishi, «dunyodagi birinchi raqamli amal» deya ta'riflanuvchi AQSh prezidentligini egallashiga sabab o‘zini munosib darajada va ortig‘i bilan ko‘rsata olganida. Dunyoda minglab milliarderlar, mablag‘i Trampnikidan o‘nlab barobar ko‘p boyvachchalar bor.

Lekin Tramp bitta!

Prezidentlik o‘z yo‘liga, boylik o‘z yo‘liga ekanligining yaqqol isbotini Tramp bu amalda o‘tkazgan ilk yilidayoq yaxshigina anglab yetdi. Chunki bir yil ichida uning pullari 400 mln dollarga kamaydi, Forbes reytingida 10 o‘rin pastlab ketdi, «bor yo‘g‘i» 3,1 mlrd boyligi qoldi. Buning asosiy sababi shunda ediki, bir vaqtlar barcha hamkorlar unga biroz kalondimog‘lar bo‘lsada, uzoqni ko‘ra biluvchi biznesmen sifatida yondashgan bo‘lishsa, endi uning yoniga «AQSh prezidenti» degan atama ham qo‘shildi. Siyosat esa tuslanishga moyil soha – bugun prezident uchun jonini berishga tayyor bo‘lganlar ertaga uni yerga urib tashlashdan ham toymaydilar. Shunday ekan, Tramp nomi bilan bog‘liq har qanday loyiha katta tavakkalchilikka aylanib qoladi.

Misol uchun, AQShning turli burchaklarida Trampga tegishli golf klublar faoliyat yuritadi. Tramp g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shtatlarda hammasi ko‘ngildagidek – daromadlar barqaror va qisman o‘sgan. Ammo Tramp mag‘lub bo‘lgan shtatlarda teskarisi – daromadlar 4-5 foizga pasaygan.

Nyu-York markazidagi 5-avenyuda joylashgan Trump Tower osmono‘par binosi va Trampga tegishli boshqa inshootlar bahosi so‘nggi yillarda ancha pasaydi. Birgina Trump Tower binosining o‘zi 41 mln dollarga arzonlashgan. Ikkinchi binodagi ijarachilar ham shartnomani uzaytirishga shoshilmayapti. Ularning eng mashhuri va katta daromad keltirayotgani Nike kompaniyasining 6000 kv.m.li do‘koni edi. Ammo Nike internet savdosi o‘sib borayotgani ortidan an'anaviy do‘konlarni qisqartirish rejasiga ko‘ra ijara shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgan.