O‘zbekiston | 09:25 / 30.01.2019
15169
6 daqiqa o‘qiladi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining asosiy vazifalari ma'lum bo‘ldi

Tashqi savdo vazirligi binosi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligining vakolatli vakillari va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining tegishli hududiy bo‘linmalari negizida Vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar)dagi hududiy bo‘linmalari tashkil etildi.

Belgilanishicha, Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Belgilab qo‘yilishicha, Vazirlik:

yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, xorijiy, birinchi navbatda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni muvofiqlashtirish, xalqaro moliya institutlari (boshqaruv ofislari) va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, tashqi savdo va xalqaro iqtisodiy hamkorlik sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va muvofiqlashtirish uchun mas'ul vakolatli davlat organi hisoblanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan o‘rta muddatli investitsiya siyosati strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi asosida hududlar va tarmoqlarning rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi;

mamlakatning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish, O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish doirasida vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda eksportni qo‘llab-quvatlash strategiyasini, shu jumladan, uni rag‘batlantiruvchi instrumentlarni ishlab chiqadi va amalga oshirilishini ta'minlaydi;

xalqaro va xorijiy hukumat moliya institutlarining jalb qilinadigan kredit resurslari va texnik ko‘maklashish vositalari (grantlari)dan, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘laridan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan markazlashgan investitsiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi;

idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, Davlat veterinariya qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazining ichki va tashqi bozorlardagi savdo faoliyatiga ta'sir qiluvchi choralarni qo‘llash qismi bo‘yicha harakatlarini qonunchilikda belgilangan tartibda muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda davlat organlari vakolatlarining investitsiyaviy, shuningdek, savdo faoliyatiga ta'sir etish nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazilishini ta'minlaydi va qo‘llaniladigan choralarni Vazirlik bilan kelishish tartibini tasdiqlaydi.

Vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

yagona davlat investitsiya siyosatini amalga oshirish, davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari, shu jumladan, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari ishlab chiqilishi va samarali amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatda o‘zaro samarali hamkorlikni amalga oshirish;

davlat organlari va tashkilotlarining, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamda xorijiy moliya va iqtisodiy institutlardagi doimiy vakillarining, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy muassasalarida tashqi iqtisodiy faoliyat masalalari bilan shug‘ullanuvchi xodimlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy hamkorlik masalalari borasidagi xalqaro shartnomalarini tayyorlash, kelishish va imzolashda ishtirok etish;

investorlar bilan doimiy qayta aloqani yo‘lga qo‘yish, investitsiyalarni jalb qilishda hududlar va mahalliy kompaniyalarga ko‘maklashish, investitsiya takliflarini ishlab chiqishni tashkillashtirish;

tashqi savdo sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, Eksportni qo‘llab-quvvatlash milliy tizimining samarali ishlashiga ko‘maklashish va ta'minlash, tashqi savdo faoliyatini tartibga solish sohasida davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

savdoda tarif va notarif tartibga solish choralarini qo‘llash hamda elektron tijorat tartib-taomillarini takomillashtirish bilan bog‘liq tadbirlarni muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarini kengaytirish va mustahkamlash, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash;

O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish va boshqa ko‘p tomonlama iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish;

ulgurji va birja savdolarini tartibga solish masalalarini muvofiqlashtirish, bozor holatini monitoring va tahlil qilish, marketing tadqiqotlarini o‘tkazish va tovarlar narxlari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni tahlil qilish;

tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, tranzit salohiyati darajasini oshirish, logistika va transport yo‘laklarini takomillashtirish, shuningdek, eksport marshrutlarini diversifikatsiya qilish masalalarini ilgari surish.

Mavzuga oid