12:53 / 02.02.2019
11533

Vazirlik Namangandagi maktablar muammosini hal etmoqchi​

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

​Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatidagi maktablar holatini o‘rganib chiqdi. Namangan viloyatida 685 ta umumta'lim maktablari mavjud bo‘lib, mazkur muassasalarni o‘rganish jarayonida ularning quvvati va qamrov imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi, deb xabar bermoqda vazirlik axborot xizmati.

Ma'lum qilinishicha, o‘rganish natijasida viloyatdagi mavjud maktablarning 78 foizida, aniqrog‘i, 522 tasida o‘qish jarayoni 2 smenada tashkil etilgani aniqlangan. Viloyat hududidagi 88 ta maktabning koeffitsiyenti 1,5 dan yuqori, hamda 46 tasida 2 koeffitsiyentdan yuqori.​

«Misol uchun, Namangan shahridagi 1-umumta'lim maktabi quvvati 1490 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maskanda 3000 nafar o‘quvchi o‘qiydi. 1010 o‘rinli 34-umumta'lim maktabida esa 2250 o‘quvchi, quvvati 620 o‘rinli bo‘lgan 5-maktabda 1390 nafar o‘quvchi, 840 o‘rinli 11-umumta'lim maktablarida esa 1695 o‘quvchi tahsil olmoqda.

Ushbu holatni yaxshilash maqsadida quyidagi yo‘nalishlarda ishlar olib borildi:

Birinchidan, umumta'lim maktablarida o‘quv jarayonlarini betalofat va samarali tashkil etish uchun kasb-hunar kollejlari binolarini xalq ta'limi tasarrufiga o‘tkazish hamda kelgusida ulardan oqilona foydalanishga kelishildi. O‘rganishlar asosida bu borada aniq takliflar tayyorlanib, tahliliy ma'lumotlar Respublika ishchi guruhiga taqdim etildi.

Ikkinchidan, 2019 yilda investitsiya dasturiga binoan Namangan viloyatida 6 ta yangi qurilish, 12 ta maktabni kapital rekonstruksiya qilish, 27 tasini kapital ta'mirlash rejalashtirilgan. Bu esa o‘z navbatida maktablarga o‘sib borayotgan talabni biroz maqbullashtirishga yordam beradi. Ayni paytda mazkur obektlarning loyiha-smeta hujjatlari rasmiylashtirilgan.

2018 yilda investitsiya dasturi bo‘yicha viloyatda 22 ta ta'lim muassasalarida 62,6 milliard so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan», —​ deyiladi axborotda.

Ta'kidlanishicha, viloyatda jami 8 ta shu yo‘nalishdagi maktablar mavjud bo‘lib, ulardagi 47 ta sinfda 800 nafar o‘quvchiga 51 nafar pedagog saboq bermoqda.

Top