Jamiyat | 20:11 / 05.02.2019
9504
5 daqiqa o‘qiladi

​Jinoyatning bittasi ham ko‘p

Bugun O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida hududlardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilari bilan birgalikda “Yoshlar jinoyatchiligini jilovlash, ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish” mavzusida videoselektor shaklida vebinar bo‘lib o‘tdi.

Unda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining bo‘lim mudiri Shavkat To‘rayev mamlakatimizda ijtimoiy ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligida yoshlarning rolini oshirish yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi bo‘lim mudiri Bahriddin Sultonov esa yoshlar jinoyatchiligini oldini olish masalasidagi ma'ruzasi bilan ishtirok etdi.

Vebinarda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining hududiy Kengashlari xodimlari, viloyatlardagi boshqarma, tashkilot hamda ta'lim muassasalarining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari, hududiy sardorlar Kengashi hamda hududiy ko‘ngillilar guruhlarining a'zolari qatnashdi.

Ma'ruzalarda mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ular o‘rtasida ma'naviy muhitni yaxshilashda yangicha metodlardan foydalanish zarurati hamda bu sohadagi targ‘ibot-tashviqot ishlariga yoshlarning munosabati haqida fikr-mulohazalar yuritildi.

—Bugungi kunda yoshlarni ish bilan ta'minlash, ularning vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlashga ko‘maklashish, to‘garaklarga jalb etish jinoyatchilikni jilovlashning eng muhim omiliga aylangan, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Akmal Alimov. —Joylarda yoshlarning huquqiy savodxonligining pastligi, oddiy holatlarda qonun hujjatlarni bilmasligi va buning natijasida yoshlar o‘rtasida mayda bezoriliklar, ma'muriy huquqbuzarliklarning sonini ko‘payishiga olib kelmoqda.

Tadbir davomida bir qator vazirlik, idora va tashkilotlarning hamkorligida olib borilayotgan ishlar natijasida yurtimizda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 28,1 foizga, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi esa 35,5 foizga kamayishiga erishilganligi haqida ma'lumot berildi.

—7 mingdan ortiq profilaktik hisobda turuvchi yoshlar “Barkamol avlod“ bolalar markazidagi to‘garaklarda hunar o‘rganmoqda, – deydi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘lim boshlig‘i Bahriddin Sultonov. – 13 ming nafar ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida yoshlar va voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar kamaydi.

Ma'ruzachilar yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikni jilovlashda avvalo, jinoyat sodir etishga moyilligi yuqori bo‘lgan har qanday tarbiyasi og‘ir yoshlarning xulq-atvoridagi salbiy o‘zgarishlarni hududlardagi yoshlar yetakchilari tomonidan hududning o‘zida aniqlash, mazkur holatlarni oldini olishda avvalo ota-ona, oila va mahalla jamoatchiligini e'tiborini qaratish orqali tezkor ravishda samarali yechim topish choralarini ko‘rish bugungi kunning dolzarb yo‘nalishlaridan ekanligini tilga oldi.

Bundan tashqari 190 ta kasb-hunar kollejlari negizida tashkil etilgan “Yoshlar markazlari”da 29 ta yo‘nalish bo‘yicha 2 ming 537 ta bepul to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi, ularda har kuni o‘rtacha 160 ming nafarga yaqin yosh bilim va ko‘nikmalarini oshirayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari mahalla va ta'lim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, chekka hududlar va mahallalardagi yoshlar bilan maqsadli g‘oyaviy-tarbiyaviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, diniy ekstremizm va terroristik harakatlarga adashib qo‘shilib qolish, milliy qadriyatlarga e'tiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajralishlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarning aksariyat hollarda kutilgan natijani bermayotgani bu masalalarga jiddiy yondashuvni talab etayotganligi ta'kidlandi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishda mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi kerakligi aytildi.

—Oilada ijtimoiy-ma'naviy muhit sog‘lomlashtirilmasa, farzandning asosiy tarbiyachilari loqaydlik holatlariga barham bermasa, targ‘ibot ishlarining nafi sezilmaydi – deydi vebinar qatnashchisi Kumushbibi Abduhamidova. — Har qanday jinoyat ota-ona befarqligi va farzandning bekorchiligi sabab kelib chiqadi. Bu kabi targ‘ibot tadbirlari ota-onalar uchun ham tashkil etilishi kerak, nazarimda. Faqatgina hududlardagi boshlang‘ich tashkilot yetakchilarining sa'y-harakatlari bilan yoshlar huquqbuzarliklarini bartaraf etish mushkul. O‘zaro birlashuv va samarali hamkorlikkina kutilgan natijani beradi.

Vebinar yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shahnoza Nurullayeva

Mavzuga oid