
Unda Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova mavzu yuzasidan OAV xodimlariga ma'lumot berdi, shuningdek, spikerlar jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga ham javob qaytarishdi.
Tadbirda xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikka erishgan aksariyat o‘zbekistonlik o‘quvchilarning respublika ichki olimpiadalarida ko‘rsatgan natijalari yuqori bo‘lmacligi, ammo xalqaro olimpiadalarga ichki tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoshlar emas, quyiroq, 4-5 o‘rinni egallagan o‘quvchilar yuborilishi va aynan ular yaxshi natija ko‘rsatishi borasida savol berilgan.
Savolga Xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Umarov quyidagicha javob berdi: «Olimpiadalarda ikkita har xil tizim va baholash mezonlari bor. Respublika fan olimpiadalarida asosan maktab darsliklari dasturi bo‘yicha, shuningdek, nostandart ko‘rinishdagi masalalar test orqali beriladi. Xalqaro olimpiadalarda esa ko‘proq o‘quvchilarning ijodiy bilimlari baholanadi. U yerda o‘quvchilarning ko‘proq ijodkorligi baholanadi. Shunday holatlar bor, o‘quvchi bizning Respublika olimpiadalarida testdan yuqori natija ko‘rsata olmagan, lekin xalqaro olimpiadada o‘z ijodkorligi bilan yuqori natija ko‘rsatgan».
Vazir o‘rinbosari shuningdek, jurnalist tomonidan berilgan «Nega unda ichki olimpiadalarimiz nizomi xalqaro standartlarga moslashtirilmaydi?» mazmunidagi savoliga ham javob qaytardi.
«Hamma narsani ham jahon andozasi bo‘yicha qila olmaymiz. Men juda ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman. Agar palovni jahon andozasi bo‘yicha qiladigan bo‘lsak, siz bilan biz bu palovni yeya olmaymiz. Bizning o‘zbekcha palov umuman boshqacha», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.












